Yangiliklar

Image

Mahalladagi “Maxsus” toifadagi yoshlar bilan bevosita ish olib borilmoqda

Yoshlar bilan ishlash va bu jarayonni jadallashtirish, jamiyatdan ajrab qolgan, hayotda oʻz oʻrnini topolmayotgan, buzgʻunchi gʻoyalar taʼsiriga tushib va yoki hayotning notoʻgʻri koʻchalariga kirib qolgan yoshlarni faol hayotga qaytarish – bugun oldimizda turgan eng muhim va kechiktirib boʻlmas vazifa hisoblanadi.

Shularni inobatga olib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2023-yilning 11-aprel kuni yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy taʼlim tashkilotlari rahbarlariga yosh avlod bandligini taʼminlash, ularni sifatli taʼlim bilan qamrab olish va boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hamda sogʻlom fikrlashiga zamin yaratish boʻyicha vazifalar belgilab berdi.

Ushbu topshiriq boʻyicha Andijon mashinasozlik instituti rektori Umid Turdialiyevga Andijon shahridagi “Maʼrifat” mahallasida yashovchi “maxsus toifa”dagi eʼtiborga muhtoj yoshlar biriktirilgan. Ularning har biriga qonun doirasida ijtimoiy-iqtisodiy, psixologik amaliy koʻmak berilib, mavjud muammolariga yechim topilmoqda.

Kuni kecha rektor shaxsan oʻzi mahallada uyma-uy yurib, ushbu toifadagi yoshlarning muammolarini oʻrgandi. Ularning bandligini taʼminlash, boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha suhbat oʻtkazdi.

Uchrashuvlar davomida rektor yoshlar muammolarini hal etish boʻyicha bu kabi ishlar doimiy olib borilishini taʼkidladi.

Zero, yoshlar bilan ishlash barcha rahbarlarning, keng jamoatchilikning, butun jamiyatimizning eng ustuvor vazifasidir.

Qidirish