Talabalarning milliy oʻzlikni anglash hamda tarixga boʻlgan qiziqishini oshirish, milliy meros va tarixga hurmat tuygʻusini shakllantirish maqsadida Andijon mashinasozlik instituti Transport va logistika fakulteti 4-bosqich talabalarining Andijon shahridagi “Bobur va jahon madaniyati tarixi” muzeyiga sayohat tashkil etildi.
Sayohat davomida Bobur hayoti va merosini oʻrganishga bagʻishlangan xalqaro ilmiy ekspeditsiya tomonidan olib kelingan noyob qoʻlyozmalar, kitoblar va tarixiy ashyolar, Bobur asarlarining qoʻlyozma nusxalari, xususan, “Xatti Boburiy”da Bobur oʻz qoʻli bilan koʻchirgan Qurʼoni Karim nusxalari, Bobur davri qurol-aslahalari, saroy ahli kiyimlari, boburiy podshohlar zarb qildirgan tanga pullardan namunalar bilan tanishdilar.
Ekskursiya davomida talabalar muzeyni atroflicha tanishib chiqdilar hamda Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi haqida yanada toʻliq maʼlumot olishga erishdilar.
Bu kabi sayohatlar talabalar oʻrtasida milliy gʻurur va masʼuliyat hissini uygʻotib, ularni oʻz mamlakatlarining madaniy va tarixiy merosini saqlash va unga hurmat bilan qarashga undaydi.
Umuman olganda, tarixiy obidalar va muzeylarga tashriflar talabalarga nafaqat oʻz milliy meroslarini yaqindan tanish imkonini beradi, balki ularning kelajakda oʻz mamlakatlarining rivojlanishi va gullab-yashnashida faol ishtirok etishlari uchun zarur boʻlgan muhim saboqlarni ham beradi.