Yangiliklar

Image

Talabalar radio-dizayn va radiosport boʻyicha mahorat darsi

Andijon shahridagi “Sholdirama” mahalla fuqarolar yigʻinida Andijon mashinasozlik instituti, “Vatanparvar” tashkiloti hamkorligida Radio-dizayn va radiosport boʻyicha mahorat darsi oʻtkazildi.

Unda Elektrotexnika fakulteti talabalari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida aviatsiya radiotexnikasi, qisqa toʻlqinli radioaloqa boʻyicha sport ustasi, ushbu yoʻnalishdagi ilmiy-ommabop maqolalar muallifi Anvar Moʻydinov oʻzining faoliyati, sohaga oid qiziqishlari, turli yillar davomida toʻplagan radiotexnikalar, Morze alifbosi va radiostansiyada ishlash boʻyicha maʼlumot berdi. Shuningdek, radiotelegrafchilar, radioelektronika operatorlari, elektron urush operatorlari, dron va radar operatorlari faoliyatidan hikoyalar aytdi.

Bundan tashqari umumtaʼlim maktabi bilan hamkorlikda yoshlar uchun mahalla qoshida radiosport, radiodizayn yoʻnalishi boʻyicha toʻgarak tashkil etilganligini, kelgusida jamoaviy radiostansiya ochish rejalashtirilganligini bildirdi

Shundan soʻng birinchi oʻzbek millatiga mansub kosmonavt Solijon Sharipov oʻrtasidagi radioaloqa, andijonlik Ilhom Dolimovning uy radio-muzeyi hamda Evgeniy Suxoverxov tomonidan yaratilgan “Moskva” radio va elektronika havaskorlari muzeyi haqida hikoya qilinuvchi hujjatli film namoyish etildi. Eng qizigʻi maxsus antenna va radiostansiya oʻrnatgan holda xorijiy radio havaskorlari bilan Morze alifbosi va mikrofondan foydalanib radioaloqa oʻtkazildi.

Yoshlar radiohavaskordan oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.

Tadbir soʻnggida talabalar mahalla binosida tashkil etilgan Ikkinchi jahon urushi radiostansiyalari va 50-yillarning boshidagi radiolar, maishiy radio, harbiy va uy qurilishi radiotexnikalardan iborat koʻrgazmani koʻzdan kechirdilar.

Ishtirokchilarda qoʻlda yasalgan radiotexnika jihozlari katta qiziqish uygʻotdi.

Qidirish