Bugun Andijon mashinasozlik institutida umumtaʼlim maktablarining bitiruvchi sinf oʻquvchilarini oliy taʼlim muassasasida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida “Ochiq eshiklar” kuni tadbiri tashkil etildi.
Unda Andijon shahridagi 1-umumiy oʻrta taʼlim maktabi 11-sinf oʻquvchilari ishtirok etdi.
Tadbir davomida institut rektori Umid Turdialiyev oʻquvchilarga institut tashkil etilishi jarayoni, jumladan, mavjud fakultetlar, yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha maʼlumot berildi. Shuningdek, mavjud barcha qulayliklar, shu bilan birga talabalarning huquq va majburiyatlari, oʻquv jarayonlari, institut tartib-qoidalarini tushuntirdi.
Oʻquvchilar Elektrotexnika, Avtomobilsozlik, Intellektual boshqaruv va kompyuter tizimlari fakultetlarining binosi, laboratoriyalar, sport zali hamda Street Workout maydonchalarida axborot resurs markazi, talabalarning startap loyihalarini ishlab qichishga qaratilgan Inkubatsiya markazi va dars mashgʻuloti xonalarida talabalarga yaratilgan shart-sharoitlarni bevosita koʻzdan kechirishdi.
Oʻquvchilar ham, ularning pedagoglari ham katta taassurotlar bilan qaytishdi.
Tadbir soʻngida bir guruh oʻquvchilar, talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlarni koʻrib, kelgusida institutda oʻqish istagini bildirdilar.