Yangiliklar

Image

“Boburshunoslik” xalqaro elektron platformasi taqdimoti boʻlib oʻtdi

Prezidentimizning 2023-yil 25-yanvardagi “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida” gi qarorida oʻzbek, rus, ingliz tillarida faoliyat yuritadigan xalqaro ilmiy boburshunoslik elektron platformasi va uning mobil ilovasini yaratish topshirigʻi berilgan edi.

Kuni kecha Andijon davlat universitetida mazkur platformaning taqdimoti oʻtkazildi.

Unda viloyat hokimligi, oliy taʼlim muassasalari rektorlari, prorektor va matbuot kotiblari, talabalar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirda viloyat hokimligi vakili Elyorbek Xolmirzayev hamda boburshunos olim Zokirjon Mashrabov platformani yuritish orqali jahon miqyosida boburiylar madaniyati va merosini targʻib qilish, uning oʻrta asrlar madaniy hayotida tutgan oʻrni haqidagi tadqiqotlarni jamlash imkoniyati paydo boʻlganligini eʼtirof etib, uchrashuvning maqsad va vazifalarini aytib oʻtdilar.

Platforma asoschilari tomonidan Boburning ijodiy merosi, qoʻlyozmalar, konferensiya toʻplamlari, ilmiy nashrlar, media va platformaning yaratilishida amalga oshirilgan ishlar, qulayliklari va kelgusidagi rejalar haqida maʼlumotlar berildi.

Global maydondagi bu platforma buyuk ajdodimiz asarlarining milliy va umuminsoniy mohiyatini, uning oʻrni va taʼsirini mamlakatimiz va xalqaro miqyosda yanada chuqur oʻrganish va targʻib etish borasida qulayliklari va imkoniyati kengligi bilan ahamiyatlidir.

Taqdimot davomida platformani yanada takomillashtirish, axborot xavfsizligini taʼminlash, targʻibotini kuchaytirish yuzasidan takliflar bildirildi.

Eslatib oʻtamiz “Boburshunoslik” xalqaro elektron platformasi bilan https://baburid.uz/ manzili orqali tanishishingiz mumkin.

Qidirish