Yangiliklar

Image

“Turonbank stipendiyasi” sovrindori bo‘lgan talabalarimizga sertifikatlar topshirildi

Andijon mashinasozlik instituti Iqtisodiyot fakultetida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazildi.

Unda institutning oʻquv ishlari boʻyicha prorektori Suhrobjon Aliyev hamda “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki Boshqaruv raisi oʻrinbosari Arslon Jabborovlar ishtirok etdi.

Tadbirda talaba-yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratib kelinayotgani, ularning ish bilan bandligini taʼminlash davlat ahamiyati darajasidagi masala sifatida eʼtirof etilayotgani, bunda davlatimiz rahbarining 2017-yil 27-iyuldagi “Oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etayotganligi taʼkidlandi.

Shuningdek, “Oliy taʼlim — ilm-fan — ishlab chiqarish” tamoyili asosida institut bilan “Turonbank” ATBning hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilganligi, bank filiallarida talabalarning amaliyot oʻtab, amaliy koʻnikmalarga ega boʻlayotgani qayd etildi.

“Bankimiz tomonidan yoshlar uchun bir qator samarali loyihalar amalga oshirilmoqda. Shulardan biri intellektual jihatdan mukammal, zamonaviy fikrlaydigan yosh bankirlar zaxirasini shakllantirish maqsadida taʼsis etilgan “Turonbank stipendiyasi” eksklyuziv loyihasi hisoblanadi. Ushbu motivatsion gʻoyaning ahamiyati shundaki, uning doirasida butun Respublika miqyosida moliya va iqtisodiyot yoʻnalishida tahsil olayotgan eng iqtidorli, oʻz bilimi bilan oliy taʼlim muassasalariga yuqori ball toʻplab qabul qilingan yoshlar tanlab olinib, oʻqish yakuniga qadar toʻliq eʼtiborga olinadi. Yaʼni, ular uchun har oylik maxsus stipendiya joriy etilib, toʻlov – kontrakt pullari ham toʻlab beriladi. Shuningdek talabalar taʼlimning 3 – bosqichidan boshlab oʻzlari yashayotgan hududdagi bank filiallarida ishlashlari mumkin boʻladi”, — deydi Arslon Jabborov.

Uchrashuv yakunida 2022-2023 hamda 2023-2024-oʻquv yillarida Buxgalteriya hisobi va audit hamda Iqtisodiyot yoʻnalishlariga eng yuqori koʻrsatkichlar bilan qabul qilingan bir guruh talabalarga “Turonbank stipendiyasi” maxsus sertifikatlar topshirildi.

Qidirish