Andijon mashinasozlik institutida Alisher Navoiy tavalludining 583-yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541-yilligi munosabati bilan “Nazm va Navo” kechasi oʻtkazildi.
Tadbir avvalida Navoiy va Bobur kabi allomalarning gʻazallari bilan aytiluvchi qoʻshiqlar alohida oʻrin tutishi, asrlar mobaynida sayqallanib kelgan bu nodir asarlar xalqimizning koʻngil mulkiga aylangani taʼkidlandi.
Darhaqiqat, ikki alloma oʻz faoliyati, ijodi davomida musiqa, sozandalik rivojiga ham alohida eʼtibor qaratgan. Bu jihatlar musiqashunos, maqomshunos, navoiyshunos va boburshunos olimlarning tadqiqotlarida oʻz aksini topgan. Ayni paytda Navoiy, Bobur kabi mutafakkir shoirlarimiz soʻzi bilan aytiluvchi qoʻshiqlar ona tilimizning nechogʻli boy va rang-barangligi, betakrorligi, goʻzalligi, serjilvaligi, maʼnolarga boyligining yorqin namunasidir.
Kechada Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi Andijon viloyat boʻlinmasi sanʼatkorlari Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Tursunboy Parpiyev, xonandalar Adahamjon Abdulxayev, Muxayyo Tojimatova, Nilufar Karimova, Samira Xolmatova, Begijon Raximov, Sherzod Xabibulayevlar tomonidan Navoiy va Bobur asarlariga bastalangan dil tortar qoʻshiqlar va raqqosalarning goʻzal raqslar ijro etildi.
Albatta har bir musiqaning oʻzi goʻzal. Lekin Navoiy va Bobur nomi bilan bogʻliq musiqa namunalari xalqimiz qalbidan chuqur oʻrin olgan. Bu qoʻshiqlar Vatanni, ota-onani qadrlash, tinglovchining maʼnaviy dunyosini boyitishga xizmat qilishi bilan qadrli.