Andijon mashinasozlik institutida professor-oʻqituvchilar ishtirokida “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi qonun mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi.
Unda institut oʻquv ishlari boʻyicha prorektori Suhrobjon Aliyev, Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi boshligʻi Muxtaramxon Xaliqova, Fuqarolik ishlari boʻyicha Andijon tumanlararo sudi sudyasi Sardorbek Joʻraboyev hamda institut huquqshunosi Sayidjaxon Isayevlar maʼruza qildi.
Tadbirda 21 moddadan iborat qonun bilan pedagoglarning huquqlari, majburiyatlari, faoliyatining asosiy kafolatlari, mehnatiga yarasha haq toʻlash, ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish tamoyillari belgilangani qayd etildi. Shuningdek, hujjatda pedagogning huquqlari, shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsi davlat himoyasi ostida boʻlishi qatʼiy belgilab qoʻyilgani taʼkidlandi.
Bundan tashqari, pedagogning zimmasiga tovar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, xususan, ish haqidan uning yozma roziligisiz tovar va xizmatlar uchun mablagʻ ushlab qolish mumkin emas.
Qayd etish lozim, qonunga koʻra, pedagogni kasbiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga, shu jumladan, hududlarni obodonlashtirishga va qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb qilish taqiqlanadi.