Davlatimiz rahbarining 2017-yil 27-iyuldagi “Oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash jarayonida ishlab chiqarish korxonalari va oliy taʼlim muassasalari uzviy integratsiyasini amalga oshirish koʻzda tutilgan. Shuningdek, muassasalarning tegishli taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha har bir talabaning 2-kursdan boshlab tegishli tarmoq (soha)ning muayyan tashkilotlari va korxonalarida malakaviy amaliyotlari tizimli ravishda oʻtkazilishini, shuningdek ularning amaliy mashgʻulotlarini bevosita ishlab chiqarishda tashkillashtirish belgilangan.
Ushbu qarorda belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Andijon mashinasozlik instituti “Oʻz avtosanoat” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikda bir qator ishlar amalga oshirmoqda. Xususan, 2023-2024-oʻquv yilida Avtomobilsozlik kafedrasi Avtomobilsozlik va traktorsozlik yoʻnalish talabalari 5 + 1 modeli asosida haftaning har seshanba va chorshanba kunlari darslarni “UzAvto Motors” aksiyadorlik jamiyati zavodida oʻtkazishmoqda.
Korxonada talabalarga Avtomobil qismlarini bosim ostida ishlab chiqarish va payvandlash texnologiyasi, Kompyuterli loyihalash, Avtotraktor va qismlarini yigʻish texnologiyasi va Texnik tizimlarni boshqarish fanlaridan maʼruza, amaliy va laboratoriya mashgʻulotlari oʻtkazilmoqda. Mashgʻulotlar Avtomobilsozlik kafedrasi professor oʻqituvchilari hamda zavodning masʼul xodimlari tomonidan oʻtkazilmoqda.
Ushbu mashgʻulotlar institutning ishlab chiqarish bilan taʼlimni bir-biri bilan chambarchas bogʻlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa oʻz navbatida talabalarda ishlab chiqarish bilan bogʻliq bilim va koʻnikmalar olishini taʼminlamoqda.