Andijon mashinasozlik institutida Yoshlar forumi doirasida “Yoshlarni ekstremizm gʻoyalaridan asrash-barqarorlik omili. Internetda ekstremizm gʻoyalari targʻibotidan ehtiyot boʻling!” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Unda institutning Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat” boʻlimi boshligʻi M. Xaliqova, Andijon shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi jinoyat qidiruv boshqarmasi terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boʻlimi katta tezkor vakili, podpolkovnik R.Oʻlmasov, Jinoyat qidiruv boʻlimi katta tezkor vakili, kapitan F. Sharafiddinov, institut profilaktika inspektori, mayor Izzatilla Qahhorov hamda institut Yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkiloti yetakchisi I.Qobulovlar ishtirok etdi.
Maʼruzachilar oʻz soʻzida diniy ekstremizm va terrorizm butun jahon ommasi tomonidan qoralanayotgani, yurtimizda ham davlatimiz tomonidan insoniyat taqdiriga, uning taraqqiyotiga, ravnaqiga tahdid solayotgan xalqaro terrorizmga qarshi keskin kurash olib borilayotganligini taʼkidladilar. Shuningdek, qarshi kurashishda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarning amaliy ahamiyati, yoshlarni yot gʻoyalarga qarshi kurashish ruhida tarbiyalashimiz kerakligi, bunda boʻlajak pedagoglarning oʻrni beqiyosligini qayd etdilar.
Bundan tashqari butun dunyoda qolaversa, yurtimizda noqonuniy va yashirin faoliyat yuritayotgan turli xil norasmiy diniy oqimlar toʻgʻrisida atroflicha maʼlumotlar berildi.
Tadbir soʻngida diniy bilimlari yetishmasligi oqibatida turli xil norasmiy diniy oqimlar taʼsiriga tushib qolib, natijada bugungi kunda afsus va nadomat chekayotgan yurtdoshlarimiz qismati aks ettirilgan hujjatli film namoyish etildi.