Andijon mashinasozlik instituti axborot-resurs markazida oʻzbek mumtoz adabiyotining ikki yirik vakili — Mir Alisher Navoiy tavalludining 583-yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541-yilligi munosabati bilan adabiy-badiiy kecha oʻtkazildi.
Oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi tashabbusi bilan tashkillangan tadbirida taniqli shoir-yozuvchilar, professor-oʻqituvchilar, talabalar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari, shoira Xurshida Vahobjon qizi, xotin-qizlar masalalari boʻyicha institut rektori maslahatchisi Muhtaram Xoliqova, Oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti Habibaxon Joʻrabekova, Andijon shahar kasb-hunar maktabi tarix oʻqituvchisi Tillaxon Mamasultonovalar tadbirda soʻzga chiqib yigʻilganlarga Navoiy va Bobur hayoti, ijodi hamda ushbu sanalar arafasida oʻtkazilayotgan tadbirlar ahamiyati borasida fikr-mulohazalarini bildirdi. Shoira Xurshida Vahobjon qizi vatanparvarlik, insoniylik ifoda etilgan sheʼrlari bilan birga Alisher Navoiy va Bobur Mirzo gʻazallariga bogʻlagan muxammaslarini oʻqib berdi.
Shuningdek, Mohira Mutallibova, Zamira Qodirova, Shahlo Madaminova kabi talabalar ham ajdodlarimiz haqidagi oʻz fikrlarini bildirib, sheʼrlar, gʻazallar oʻqidilar.