Jalaquduq tumanida joylashgan “SPZ-Bearings” Oʻzbekiston-Rossiya qoʻshma korxonasi Oxunboboyev podshipnik zavodi sifatida 1986-yilda oʻz faoliyatini boshlagan. Ushbu korxona Oʻzbekistondagi turli sanoatlar va sohalar, xususan: togʻ-kon sanoati, neft va gaz sanoati, metallurgiya zavodlari, qishloq xoʻjaligi, issiqlik va gidroelektr stansiyalari, avtomobilsozliklarning podshipnik mahsulotlariga boʻlgan talabini qondiruvchi Oʻzbekistondagi yagona zavod hisoblanadi.
2004-yildan buyon qoʻshma korxonasi sifatida faoliyat yuritmoqda. Bugungi kunda ushbu ishlab chiqarish maskanida podshipniklarning bir qancha turlari va avtomobillar uchun boshqa yigʻma mexanizmlari hamda turli tarmoqlar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarilmoqda.
Kuni kecha ushbu zavodga Andijon mashinasozlik instituti Mashinasozlik texnologiyasi, mashinasozlik ishlab chiqarishini jihozlash va avtomatlashtirish, Materialshunoslik va yangi materiallar texnologiyasi, Texnologik mashinalar va jihozlar yoʻnalishlarida tahsil olayotgan bitiruvchi bosqich talabalari uchun ekskursiya tashkil etildi.
Bitiruvchilarni kelgusida oʻzlariga munosib ish oʻrinlarini topishlariga yordam berish maqsadida tashkil etilgan ekskursiya davomida korxona faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Ishtirokchilar ishlab chiqarish jarayonlarini koʻzdan kechirdilar.
Shuningdek, ekskursiya davomida talabalarga korxona tarixi, ishlash faoliyati, mahsulotlar turi va xodimlarni ishga olish tartiblari toʻgʻrisida maʼlumotlar berib oʻtildi. Bundan tashqari zavodda ishlash istagini bildirgan 7 nafar talabalar bilan dastlabki suhbat jarayonlari ham oʻtkazildi.