Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi topshirigʻiga asosan Respublika ishchi guruhi Andijon viloyatida boʻlib turibdi. Ishchi guruhi tomonidan mahallalarda aholi muammolarini oʻrganish va hal etish, bandligini taʼminlash, oilalarni mustahkamlash, maʼnaviyat va maʼrifat, yoshlar tarbiyasi kabi yoʻnalishlarda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻrganishlar davomida fuqarolarning murojaatlari, taklif va mulohazalari eshitilmoqda.
Bugun Asaka tumanidagi 29-son bolalar musiqa va sanʼat maktabida fuqarolarning takliflariga binoan “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy-musiqiy tadbir oʻtkazildi.
Aholining kayfiyatini koʻtarish, ularda islohotlarga daxldorlik tuygʻusini mustahkamlash, mehr-oqibat, shukronalik, oʻzaro yordam kabi milliy va umuminsoniy qadriyatlarni yanada kuchaytirishga qaratilgan ushbu tadbirda “Doʻrmon” mahallasi fuqarolar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Yangi Oʻzbekistonni bunyod etish yoʻlida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar hamda erishilayotgan yutuqlar haqida soʻz yuritildi.
Shundan soʻng Andijon mashinasozlik instituti Iqtisodiyot fakulteti yoshlar bilan ishlash boʻyicha dekan oʻrinbosari Otabek Odilov, 4-bosqich talabasi Hamidulloh Akbarov, musiqa va sanʼat maktabining oʻquvchilari ijrosidagi ona-Vatanni, mehr-oqibat, sevgi va muhabbatni tarannum etuvchi taronalar hamda “Dutorchilar” ansambli tomonidan ijro etilgan raqslar yigʻilganlarga xush kayfiyat bagʻishladi.
Shuningdek, tadbir davomida institutning Elektrotexnika fakulteti Talabalar teatr studiyasi tomonidan Qoʻchqor Norqobil qalamiga mansub “Quyoshni sen uygʻotasan” spektakli namoyish etildi.
Tadbir ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirib, barchaga birdek manzur boʻldi.