Hindistonning Kukun metallurgiyasi va yangi materiallar xalqaro ilmiy tadqiqot markazi (ARCI) 1997-yilda tashkil etilgan boʻlib, Hindiston hukumati Fan va texnologiyalar departamentining avtonom tadqiqot va ishlanma markazi hisoblanadi. Markazning bosh ofisi Haydarobodda joylashgan. Faoliyati 11 tadqiqot markazi orqali amalga oshirilib, asosiy eʼtibor milliy noyob texnologiyalar va amaliy dasturlarni ishlab chiqishga qaratilgan.
ARCI oʻz maqsadlariga muvaffaqiyatli erishish uchun Hindiston va xorijiy laboratoriyalar, universitetlar va sanoat korxonalari bilan hamkorlik qilishga ham alohida eʼtibor qaratib keladi.
Bugungi kunga qadar ARCI 32 ta texnologiyani 46 ta oluvchiga muvaffaqiyatli topshirgan.
Kuni kecha ushbu markaz direktori Tata Narasinga Rao hamda Avtomobil energiya materiallari markazi professori Manjusha Battabyal Andijon mashinasozlik institutiga tashrif buyurdi.
Mehmonlarni axborot texnologiyalari boʻyicha prorektor Murodjon Sherboyev kutib oldi. Dastlab mehmonlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda Hindistondagi oliy taʼlim muassasalari bilan amalga oshirilayotgan ikki tomonlama taʼlim, ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash, rivojlantirish va chuqurlashtirish, oʻquv, uslubiy va tarbiyaviy ishlarda tajriba almashish, darsliklar va oʻquv materiallari ishlab chiqish, fan va texnikaning turli yoʻnalishlarida qoʻshma tadqiqotlar olib borish, professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvi masalalari boʻyicha hamkorlik aloqalari haqida maʼlumot berildi.
Shundan soʻng mehmonlar institutda talabalarga yaratilgan sharoitlar, oʻquv laboratoriyalar, avtomobillarga xizmat koʻrsatish markazlarini koʻzdan kechirdilar.