Yangiliklar

Image

Kitobxon yoshlar maydonda duellashdilar

Andijon mashinasozlik institutida “Birga kitob oʻqiymiz” loyihasi doirasida Kitobxonlik dueli tanlovi oʻtkazildi.

Institut matbuot xizmati, Axborot-resurs markazi, yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi hamda Yoshlar ittifoqi institut boshlangʻich tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan tanlovda 16 nafar talaba kitobxon ishtirok etdi.

Tanlovning birinchi turida ishtirokchilar Iogánn Vólfgang fon Gyotening “Yosh Veterning iztiroblari”, Gabriel Garsia Markesning “Ulugʻ onaning janozasi”, Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon”, Erix Mariya Remarkning “Lissabondagi tun”, Xudoyberdi Toʻxtaboyevning “Besh bolali yigitcha”, Lev Tolstoyning “Iqrornoma”, Ahmad Lutfiy Qozonchining “Oʻgay ona”, Jorj Oruellning “Molxona” asarlari boʻyicha oʻqiganlarini sinovdan oʻtkazdilar. Asarlar boʻyicha fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Hakamlarning yakuniy xulosasiga koʻra Odina Haydarova, Muhiddin Toʻlqinov, Umidjon Noʻmonov, Zarnigor Soliyeva, Dilobar Joʻrayeva, Oltinoy Rahmatova, Bunyod Yusupov hamda Muslima Salohiddinovalar dueldoshlarini ortda qoldirib, keyingi bosqichga yoʻl olishdi.

Keyingi tur oʻyinida kitobxonlar Oʻtkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi”, Albert Kamyuning “Begona”, Malala Yusufzoyning “Men Malalaman” va Omina Shenlikoʻgʻlining “Imomning maniken qizi” asarlari boʻyicha bellashadilar.

Maʼlumot uchun, ikkinchi tur dueli 7-fevral kuni oʻtkaziladi.

Qidirish