Andijon mashinasozlik instituti kengashining navbatdagi yigʻilishi oʻtkazildi. Unda oliy oʻquv yurtiga faoliyatiga oid koʻplab dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.
Yigʻilish avvalida institut rektori Umid Turdialiyev soʻzga chiqib, prezidentimiz tomonidan 2024-yil – Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili deb eʼlon qilinganini, bu esa institut pedagogik jamoasiga katta masʼuliyat yuklashini bildirdi. Shundan soʻng muassasada tahsil olayotgan 6 nafar talabamiz 2023/2024 oʻquv yili uchun Prezident va nomli davlat stipendiyalariga sazovor boʻlganini qayd etib, ularga gʻoliblik guvohnomalarini topshirdi.
Yigʻilishda prorektorlarning institutda 2023-yil — Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim Davlat dasturining ijrosi yuzasidan olib borilgan, Prezidentning 2019-yil 25-avgustdagi “Oliy taʼlim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining uzluksiz malakasini oshirish tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi Farmoni boʻyicha institutda bajarilayotgan ishlar, 2023-yildagi ilmiy faoliyat natijalari boʻyicha hisoboti hamda 2024-yil uchun ish rejasini tasdiqlash, davlat rahbari raisligida 2023-yil 20-dekabr kuni kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash hamda sohani raqamlashtirish ishlarini yanada jadallashtirish masalalari boʻyicha hisobotlari tinglandi.
Kengashda 2023/2024 oʻquv yili uchun moslashuvchan oʻquv jarayoni jadvali haqida hamda oʻquv adabiyotlar boʻyicha institut nashr rejasi tasdiqlandi.
Bundan tashqari oʻquv adabiyotlarini yaratish, oʻquv jarayonini darsliklar va oʻquv qoʻllanmalar bilan taʼminlash, ularni xarid qilish va yangilab borish Tartibiga oʻzgartirish kiritish hamda boshqa kun tartibidagi masalalar koʻrib chiqildi.