Andijon mashinasozlik institutida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamkorligida “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Unda TMA salohiyatli ish beruvchilarni izlash va tashkiliy ishga joylashtirish boshqarmasi Yevropa, Kanada va Amerika davlatlari boʻlimi bosh mutaxassisi Bunyodbek Yuldashev hamda Andijon filiali rahbari Hasanboy Mamajonov, Germaniyaning Consulting Uz tashkiloti rahbari Orif Ahmadaliyev hamda “DaF Sprachzentrum” oʻqitish markazi rahbari Jamsher Murtazoxonovlar ishtirok etdi.
Dastlab, Prezidentning 2020-yil 15-sentyabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mazmun-mohiyati tushuntirildi. Shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan rivojlangan davlatlar mehnat bozori bosqichma-bosqich diversifikatsiya qilib borilayotgani, hozirgi kunda Germaniya, Finlandiya, Latviya, Litva, Polsha, Ruminiya, Chexiya, Yaponiya davlatlarining yirik salohiyatli ish beruvchi tashkilotlari bilan xizmat koʻrsatish, ishlab chiqazish, tibbiyot hamda qurilish kabi 30 dan ziyod sohalarda oʻzbekistonlik fuqarolarni toʻgʻridan toʻgʻri ish yoki Ausbildung– dual taʼlim orqali ish bilan taʼminlash boʻyicha maqsadli ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
Tadbir davomida Germaniya va boshqa Yevropa mamlakatlariga ishga borish tartiblari, ish beruvchilar tomonidan yaratilgan sharoitlar, ketayotgan fuqarolarning u yerdagi huquq va majburiyatlari, yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar haqida maʼlumotlar berildi.
Uchrashuv davomida talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassis va mutasaddilardan javob olishdi.