Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi oʻtkazgan 2023-yilgi ikkinchi stipendiya tanlovi gʻoliblariga sertifikatlarni tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
“Iqtidorli yoshlar: Yangi Oʻzbekiston istiqboli uchun birlashamiz” shiori ostida oʻtgan tadbirda Jamgʻarma Vasiylik kengashi aʼzolari, sanʼatkorlar, faylasuf, adabiyotshunos va taniqli akademik-olimlar, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi targʻibotchilari ishtirok etishdi.
Tadbirda soʻz olganlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni innovatsion va ilgʻor xorijiy tajribalar asosida qoʻllab-quvvatlaydigan yetuk malakali kadrlarga ehtiyoj kun sayin ortib borayotganligini taʼkidlashdi. Bu borada esa jamgʻarma stipendiya tanlovlarida gʻolib boʻlgan yoshlarga ulkan ishonch bildirildi.