Yangiliklar

Image

Germaniyada ishlash boʻyicha tartib va talablar tushuntirildi

Andijon mashinasozlik institutida Germaniya Federativ Respublikasida oʻquv amaliyotini oʻtash istagidagi hamda taʼtil davrida ishlash uchun bormoqchi boʻlgan talabalar uchun ochiq muloqot tashkil etildi.

Unda institut rektori Umid Turdialiyev, “DEUTSCHES BILDUNG SZENTRUM” oʻquv markazi direktori Biloliddin Zaynobiddinov, Germaniyaning Saksoniya oʻlkasi oliy taʼlim muassasalarining Markaziy Osiyo hududiy ofisi rahbari Zlixa Tileuova hamda Germaniya IHK — Sharqiy Thüringen savdo sanoat palatasining Oʻzbekiston boʻyicha loyihalari boshqaruvchisi Alisher Sodiqovlar ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida rektor talabalarga chet elda oʻqish va ishlash boʻyicha qonunchiligimizda belgilangan tartiblar boʻyicha oʻz maslahatlarini berdi. Bundan tashqari chet elda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolar, firibgarlik holatlari, til bilmasa-da xususiy bandlik agentliklari orqali borib olib, qiyin holatlarga tushib qolayotganligini qayd etdi.

Tadbir davomida Saksoniya oʻlkasida joylashgan oliy taʼlim muassasalari, ularda talabalarning oʻqish va ishlashi uchun yaratilgan sharoitlar, mavjud mutaxassisliklar va boshqalar haqida maʼlumotlar berildi. Shuningdek, Germaniyada ishlash yoki oʻqish uchun ketayotganlar fuqarolarning u yerdagi huquq va majburiyatlari, yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar taqdim etildi.

Tadbir davomida talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassis va mutasaddilardan javob olishdi.

Qidirish