Yangiliklar

Image

Xodjand politexnika instituti delegatsiyasi institutimizda

Tojikiston davlat texnika universitetining Xodjand politexnika instituti 2010-yilda tashkil etilgan. Muassasada yettita fakultetda iqtisodiyot, transport, texnika, sanoat va elektrotexnika va axborot texnologiyalari boʻyicha qirqdan ortiq yoʻnalishda mutaxassislar tayyorlanadi. Bugungi kunda ushbu dargohda uch mingdan ortiq talaba tahsil oladi.

Kuni kecha institutning bir guruh professor-oʻqituvchilari hamda talabalari almashinuv dasturi doirasida Andijon mashinasozlik institutiga tashrif buyurishdi.

Mehmonlarni axborot texnologiyalari boʻyicha prorektor Murodjon Sherboyev kutib oldi. Dastlab mehmonlar bilan uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda Tojikiston texnika universiteti bilan amalga oshirilayotgan ikki tomonlama hamkorlik masalalari boʻyicha qilingan ishlar qayd etildi. Memorandumga asosan ikki tomonlama taʼlim, ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash, rivojlantirish va chuqurlashtirish, oʻquv, uslubiy va tarbiyaviy ishlarda tajriba almashish, darsliklar va oʻquv materiallari ishlab chiqish, fan va texnikaning turli yoʻnalishlarida qoʻshma tadqiqotlar olib borish, professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvi, energetika sohasida tadqiqotlar olib borish, muqobil energiya sohasini rivojlantirish masalalari boʻyicha hamkorlik qilish belgilangan.

Uchrashuv davomida kelgusida nafaqat universitet, balki Xodjand texnika instituti bilan ham doimiy aloqalarni oʻrnatish, professor-oʻqituvchilar hamda talabalar almashinuvini tashkil etish, ilmiy loyihalarni amaliyotga tatbiq etish boʻyicha masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Tashrif davomida Avtomobilsozlik hamda Iqtisodiyot fakultetlari anjumanlar zalida talabalar uchun institut professor-oʻqituvchilarining mahorat darslari tashkil etildi.

Mahorat darslari davomida talabalarimiz oʻzlarini qiziqtirgan bir qancha savollariga javoblarni olishib, bilimlarini yanada mustahkamlashga erishdilar.

Qidirish