Andijon mashinasozlik instituti Axborot-resurs markazida Qurolli Kuchlar tashkil etilganligining 32-yilligi hamda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Kim Vatanga sodiq boʻlsa, mendirman oʻsha!” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Unda Yoshlar masalalari boʻyicha rektor maslahatchisi Anvarjon Islomov, Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat- maʼrifat boʻlimi boshligʻi Muhtaramxon Xaliqova hamda institut huquqbuzarlik profilaktikasi inspektori, mayor Izzatillo Qahhorov va “Qalqon” jamoatchilik guruhi aʼzolari hamda faol yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda milliy armiyamiz oʻsib kelayotgan yosh avlod va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning faol hayotiy pozitsiyasini mustahkamlash, mamlakat kelajagi uchun fuqarolik masʼuliyati hissini oshirishga xizmat qiluvchi yetakchi institutga aylangani qayd etildi.
Shuningdek, ona Vatanni himoya qilish, uning ravnaqi yoʻlida xizmat koʻrsatish yoshi, faoliyat sohasi va kasbidan qatʼi nazar, har bir fuqaroning chinakam sharafli burchi ekanligi alohida taʼkidlandi.
Muloqot jarayonida ishtirokchilar mavzuga oid oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.