Andijon mashinasozlik institutida “Yangi Oʻzbekiston yoshlar birlashaylik!” shiori ostida “Yil eʼtirofi” yoshlar festivali oʻtkazildi.
Unda institut rektori Umid Turdialiyev soʻzga chiqib, oliy taʼlim muassasalarida oʻtkazilayotgan har bir koʻrik-tanlov, fan olimpiadalarning jamiyatga va davlatimizga yetuk yosh va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va intellektual salohiyatini oshirish, oliy oʻquv yurtlarining iqtidorli talabalarini aniqlash hamda ularga oʻz iqtidor va salohiyatini namoyon etishga imkoniyatlar yaratish, talabalarda jamoatchilik qobiliyati va fidoyilik fazilatlarini shakllantirishga qaratilganini taʼkidladi. Shuningdek, yil davomida institutimizning koʻplab talabalari turli yoʻnalishlardagi koʻrik-tanlov va festivallarda, sport musobaqalarida faol qatnashib, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritgani alohida qayd etdi.
Shundan soʻng “Yil talabasi” respublika koʻrik-tanlovining institut bosqichi gʻolib va sovrindorlari, Talabalar oyligi doirasida oʻtkazilgan “Munozara” turniri, “Zakovat” intellektual oʻyini, “Talabalar teatr studiyasi”, “Milliy qadriyatlar – millat maʼnaviyatining koʻzgusi”, “Zukko kitobxon”, “Inson huquqlari bilimdonlari”, “Korrupsiya kelajakka tahdid”, “Raqamli institut — Xakaton”, “Maʼrifat maydoni” koʻrik-tanlovlari, “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qoidalari va tamoyillarini oʻrganish” boʻyicha olimpiada gʻoliblari taqdirlandi.
Bundan tashqari Yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkilotining koordinatorlariga namunali xulqi, jamoat ishlaridagi tashabbuskorligi uchun Tashakkurnomalar topshirildi.