Yangiliklar

Image

Rektorga biriktirilgan yoshlarning 35 nafari “qizil” toifadan chiqarildi

Andijon shahridagi “Maʼrifat” mahalla fuqarolar yigʻinida 7 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Ularning 1178 nafarini yoshlar tashkil etadi. Oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlarning ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishlari oʻrganilib, ular uch toifaga ajratildi. Bunda yaxshi oʻqiyotgan, tadbirkorligini yoʻlga qoʻygan, rasmiy sektorda ishlaydigan, qobiliyati bor, ijtimoiy faol boʻlgan yosh “yaxshi” toifaga, turmush taqozosi bilan rasmiy sektordan ish topa olmagan, lekin iqtisodiy faol yigit-qizlar “oʻrta” toifaga, davlatning gʻamxoʻrligi va eʼtiborini kutayotgan hamda koʻmakka muhtoj yoshlar “ahvoli ogʻir” toifaga ajratib olindi.


Uchinchi “qizil” toifadagi 50 nafar eʼtiborga muhtoj yosh Andijon mashinasozlik instituti rektori Umid Turdialiyevga biriktirilib, ular bilan manzilli, aniq mezonlar asosida ish tashkil etish yoʻlga qoʻyildi. 


Ushbu yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va hayotda oʻz oʻrinlarini topishga koʻmaklashish maqsadida doimiy ravishda ularning holidan xabar olinib, har oyda bir marotaba uyma-uy yurgan holda yaqindan suhbatlashilib, muammo va murojaatlari tinglanmoqda hamda hal etish choralari koʻrilmoqda. Xususan, shu kunga qadar barcha yoshlarga institut byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amaliy yordam koʻrsatildi.


Kuni kecha rektor Umid Turdialiyev har bir yoshning xonadonida boʻlib, ularning ish faoliyatini koʻzdan kechirdi.


Qayd etish lozim, “qizil” toifadagi yoshlarning 35 nafari koʻrsatilgan yordamlar natijasida “yashil” toifasiga oʻtkazildi. Shunda y boʻlsa-da ularga huquqiy va tashkiliy masalalarda turli amaliy yordamlar koʻrsatish davom etmoqda.

Qidirish