Andijon mashinasozlik instituti Avtomobilsozlik hamda Iqtisodiyot fakultetlarida yosh olimlar va talabalar ishtirokida “Yoshlar huquqlarini kafolatlash yangi Oʻzbekiston Konstitutsiyasining ustuvor yoʻnalishi” mavzusida yoshlar konferensiyasi oʻtkazildi.
Tadbirda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga qatʼiy rioya etish yuzasidan vazirlik va idoralarda amalga oshiriladigan birinchi navbatdagi muhim chora-tadbirlar, unda belgilangan asosiy prinsiplar, inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari kabi mavzularda batafsil maʼlumotlar berildi.
Taʼkidlanganidek, Konstitutsiyada belgilangan konstitutsiyaviy normalarning ijrosini soʻzsiz taʼminlash barcha sohalarda “inson qadri”ning tom maʼnoda yuksalishiga, davlat va jamiyat hayotini “inson – jamiyat – davlat” degan tizimga asoslangan yangi va zamonaviy tarzda boshqarish imkonini beradi. Shu boisdan, uning ijrosini toʻliq taʼminlash barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi navbatdagi ustuvor vazifasidir. Shu maqsadda belgilangan chora-tadbirlar dasturiga koʻra, davlat fuqarolik xizmati hamda sud-huquq tizimi xodimlarining yangi konstitutsiyaviy talablarga rioya etish borasidagi bilim va malakasini oshirish uchun dastur tashkil qilindi. Maqsad – boshqaruvda konstitutsiyaviy normalarning ijrosini toʻliq taʼminlash, ularni davlat xizmatchisining har kunlik faoliyatiga tatbiq etish, pirovardida “inson qadri” tamoyili asosida xalqqa xizmat koʻrsatishning sifat darajasini oshirishga erishish.
Bundan tashqari aholining taʼlim olish huquqi va imkoniyati kengaytirilib, oʻqituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega boʻlgani qayd etildi. Jumladan, fuqarolarning oliy taʼlim muassasalarida davlat granti hisobidan oʻqish huquqi qatʼiy belgilab qoʻyildi. Xullas, inson huquq va erkinliklari kafolatlari sezilarli darajada kuchaytirildi.