Andijon mashinasozlik instituti Avtomobilsozlik va Iqtisodiyot fakultetlari binosida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qoidalari va tamoyilarini oʻrganish boʻyicha olimpiada boʻlib oʻtdi.
“Konstitutsiya — xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan olimpiadada ikki kun davomida yuzga yaqin talabalar ishtirok etdi. Ishtirokchilar test, yozma va ogʻzaki shakllarda oʻz bilimlarini sinovdan oʻtkazishdi.
Yakuni natijalarga koʻra, Intellektual boshqaruv va kompyuter tizimlari fakultetining Sunʼiy intellekt yoʻnalishi 2-bosqich talabasi Asilbek Asqarov hamda Texnologik jarayonlarni ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish yoʻnalishi 2-bosqich talabasi Sunnatillo Salqinovlar yuqori ball toʻplashib, gʻoliblikni qoʻlga kiritishdi. Transport va logistika fakultetining Avtomobil servisi yoʻnalishi 2-bosqich talabasi Islomiddin Burxonov hamda ushbu fakultetning Transport logistika yoʻnalishi 1-bosqich talabasi Ozodbek Inomjonovlar mos ravishda ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni egallashdi.
Gʻoliblar Konstitutsiya kuni munosabati bilan oʻtkaziladigan bayram tadbirida taqdirlanadi.