Yangiliklar

Image

Institutimiz Oʻzbekistondagi OTMlar orasida birinchilardan boʻlib Belgiya taʼlim kengashi aʼzosiga aylandi

Oʻzbekiston Respublikasining Belgiya qirolligidagi elchixonasida Yevropa ittifoqidagi nufuzli oliy taʼlim muassasalar bilan hamkorlikni oʻrnatishga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston va Yevropa ittifoqidagi oʻttizdan ortiq OTMlar rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda Andijon mashinasozlik instituti rektori Umid Turdialiyev ishtirok etib, taqdimot qildi. Taqdimot davomida rektor yigʻilganlarga institut faoliyati, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, mavjud mutaxassisliklar hamda xalqaro hamkorlik aloqalari va loyihalar, amalga oshirilgan va kelgusida rejalashtirilgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

Shundan soʻng Oʻzbekistondagi OTMlar ichida birinchilardan boʻlib, Andijon mashinasozlik instituti hamda Belgiya taʼlim Kengashi oʻrtasida aʼzolik shartnomasi imzolandi.

Shartnomaga koʻra, Kengashga aʼzo OTM taʼlim jarayoni sifatini oshirish, oʻqituvchilarni oʻqitishning interfaol uslublari va texnologiyalarni oʻrgatish va ularni amaliyotga tatbiq etishda qoʻllab-quvvatlash, shaxsiy potensial rivojlanish, taʼlim muassasasi xodimlarining tadbirkorlik ruhini rivojlantirish va ularni Yevropa Ittifoqi grantlariga loyihalarni taqdim etishga oʻrgatish, qoʻshma xalqaro dasturlarni ishga tushirishda yordam berish, Belgiya Taʼlim Kengashining yopiq ekspert yigʻilishlari va tadbirlariga toʻsiqsiz kirish imkoniyatiga ega boʻladi.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning iyun oyida institut hamda Kengash oʻrtasida hamkorlikda grant loyihalarni ishga tushirish, Yevropa ittifoqi boʻylab professor-oʻqituvchilar stajirovkalarini tashkil etish hamda taʼlim jarayoniga oid yana boshqa masalalar boʻyicha ikki tomonlama kelishuvga erishilib, Andijon mashinasozlik instituti hamda Belgiya taʼlim kengashi oʻrtasida kelishuv memorandumi imzolangan edi.

Qidirish