Andijon mashinasozlik institutida “Har bir talaba eʼtiborda” shiori ostida sogʻlomlashtirish aksiyasi oʻtkazilmoqda.
Chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik davomida institutda tahsil olayotgan birinchi bosqich talabalarini jalb etish, hamda ularning tibbiy-ijtimoiy muammolarini muhokama qilish koʻzda tutilgan. Shu bilan birga, shifokorlar tomonidan turli kasalliklar kelib chiqishining oldini olish, yoshlarning tibbiy savodxonligini oshirish, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish boʻyicha profilaktik-targʻibot ham oʻtkazilishi belgilangan.
Ushbu sogʻlomlashtirish tadbiriga Andijon shahridagi koʻp tarmoqli markaziy hamda 6-sonli poliklinikalarning tor soha mutaxassislari davolash-profilaktika muassasalarining eng malakali shifokorlari mazkur tibbiy tadbirga taklif qilindi.
Ular bir hafta davomida talabaning salomatligini eng zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari yordamida tekshiradilar. Aniqlangan kasalliklarni davolash yuzasidan tegishli tavsiya va maslahatlar berishadi.
Kuni kecha dastlabki tibbiy-ijtimoiy tadbir Elektrotexnika fakultetida oʻtkazildi. Tibbiy tekshiruvlarning bevosita oʻquv maskanlarida uyushtirilganligi talabalarning vaqtini tejashga sharoit yaratdi.