Andijon mashinasozlik instituti axborot-resurs markazida “Qizlarjon” klubi aʼzolari hamda birinchi bosqichga qabul qilingan talaba-qizlar bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Unda soʻzga chiqqan xotin-qizlar masalalari boʻyicha rektor maslahatchisi Muhtaramxon Xaliqova institutda tahsil olayotgan qizlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, iqtidor va qobiliyatlari, qiziqishlarini namoyon qilishi uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilganligi, turli tadbirlar, koʻrik-tanlov va anjumanlar oʻtkazilayotganligini taʼkidladi. Shuningdek, qizlarni kasb-hunarga oʻrgatish, oilaga tayyorlash maqsadida “Mohir qoʻllar”, “Pazandalik”, “Goʻzallik saloni”, ”Tikuvchilik“, kafedralarda faoliyat yuritayotgan til va fan toʻgaraklari, muntazam sport bilan shugʻullanishlari uchun ”Fitnes” xonasi hamda haftaning har juma kunida “Psixolog maslahat” kuni tashkil etilganligi qayd etildi. Bundan tashqari davra suhbatida qizlarga odob-axloq, kiyinish madaniyati, muomala va talabalik masʼuliyati toʻgʻrisida fikr-mulohazalar bildirildi.
Uchrashuv davomida “Qizlar ovozi” klubida mavjud beshta – Bosh, taʼlim, bandlik va tadbirkorlik, sport va salomatlik, IT va media-savodxonligi yoʻnalishlari boʻyicha koordinatorlikka saylov oʻtkazilishi aytildi. Koordinator boʻlish istagida boʻlgan talabgorlarga 18-noyabrga qadar saylovoldi taqdimotlarini tayyorlashi lozimligi taʼkidlandi.
Uchrashuv davomida qizlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olish bilan birga, kelgusida yanada institutda xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflarini bildirdilar.