Yangiliklar

Image

Rektor ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi

Press-turdan soʻng taʼlim sohasidagi yangiliklar va malakali mutaxassislarni tayyorlash, xalqaro aloqalar hamda talabalarni turar joy bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar sarhisobiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.


Unda institut rektori Umid Turdialiyev tomonidan soʻnggi yillarda oliy taʼlim tizimida amalga oshirilgan islohotlar natijasida mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayoni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani, oʻquv yurtlari modernizatsiya qilinib, zamonaviy va ilgʻor taʼlim texnologiyalari bilan jihozlangani qayd etildi. Shuningdek, taʼlim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish, muassasalarning moliyaviy mustaqilligini taʼminlashga erishilganini taʼkidlandi.


Qayd etish lozim, institut bilan Rossiya, Belorusiya, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston, Malayziya, Italiya, Turkiya, Polsha, AQSH, Bolgariya, Xitoy, Xindiston, Gretsiya, Janubiy Koreya va Portugaliya kabi mamlakatlarning qirqqa yaqin oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan boʻlib, ushbu aloqalar taʼlim tizimida sifat va samaradorlikka erishish, oʻzaro tajriba almashish imkonini beryapti. Bundan tashqari Shimoliy Xitoy texnologiyalar universiteti hamda Belorusiya milliy texnika universiteti bilan tuzilgan oʻzaro manfaatli shartnomalar natijasida qoʻshma taʼlim dasturlari asosida “ikki diplomli tizim” joriy etilgan.


Hamkorlik aloqalari natijasida institut ayni paytda 11 ta xalqaro loyihalarda ishtirok etmoqda. Shundan bittasida milliy koordinator, yana uchtasida esa koordinator sifatida qatnashmoqda.


Matbuot anjumanida rektor ishtirokchilarning institutning avtosanoat korxonalari bilan integratsiyasi, yangi ochilgan yoʻnalishlar va bundan kutilayotgan natijalar, kelgusida ilmiy salohiyatni yanada oshirish boʻyicha rejalashtirilgan ishlar bilan bogʻliq savollariga atroflicha javob berdi.

Qidirish