Yangiliklar

Image

Viloyat hokimining bitiruvchi yoshlar bilan uchrashuvi oʻtkazildi

Andijon shahridagi “Faw Truck” qoʻshma korxonasida viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning Andijon mashinasozlik instituti bitiruvchi talabalari bilan uchrashuvi oʻtkazildi.
Unda avtosanoat tizimida faoliyat yurituvchi qoʻshma korxonalar rahbarlari hamda investorlar ishtirok etdi.


Uchrashuv avvalida viloyat rahbari prezidentimiz tashabbusi bilan oliy oʻquv yurtlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ilmiy salohiyatini yuksaltirish, taʼlim sifatini xalqaro andozalar darajasiga koʻtarish orqali yoshlarning malakali mutaxassis boʻlib yetishishlariga alohida eʼtibor qaratilayotganligi xususida fikr-mulohazalar bildirdi. Shuningdek, bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash, bu boradagi mavjud imkoniyatlar atroflicha muhokama etildi.


Shundan soʻng ishtirokchilarga viloyatda faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish korxonalarida mavjud boʻsh ish oʻrinlari, ishga kirish tartiblari va nomzodlarga qoʻyiladigan talablar xususida maʼlumot berib oʻtildi.


“Oʻtgan oʻquv yilida muassasamizni jami 557 nafar yoshlar tamomlagan boʻlib, shundan 495 nafari Andijon viloyatida istiqomat qiladi. Bitiruvchilarning 385 nafarining bandligi taʼminlangan boʻlib, yana 100 nafardan ortigʻi ayni paytda ishsiz. Bundan tashqari 2023/2024 oʻquv yilida 17 ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha jami 670 nafar andijonlik yigit-qizlarning institutni tamomlashi koʻzda tutilgan. Ayni paytda oldimizda ularni ishga joylashtirish masalasi asosiy kun tartibimizda turibdi. Bugungi uchrashuvda bitiruvchilarimizga korxonalar tomonidan eʼlon qilingan 3 mingdan ortiq boʻsh ish oʻrinlari tavsiya qilindi. Aksariyat bitiruvchilarimiz allaqachon ushbu ish oʻrinlarida ishlash istagini bildirishdi”, — deydi institut rektori Umid Turdialiyev.


Ochiq, samimiy tarzda oʻtgan muloqot yakunida viloyat hokimi tomonidan mutasaddilarga yosh mutaxassislarni tegishli tashkilotlarga ishga joylashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi. 

Qidirish