Yangiliklar

Image

Andijon mashinasozlik institutida “Jaholatga qarshi maʼrifat” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

Unda Andijon viloyati hokimi oʻrinbosari R. Arziyev, Andijon mashinasozlik instituti rektori Umid Turdialiyev, Andijon davlat universiteti katta oʻqituvchisi Yu.Jaxongirov, Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning viloyat hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi N.Yuldashev hamda avtomobilsozlik va iqtisodiyot fakultetlari talabalari ishtirok etdi.


Tadbirda viloyat hokimi oʻrinbosari jahonning ayrim mintaqalarida avj olayotgan murakkab jarayonlar haqida toʻxtalarkan, yurtimizda diniy bagʻrikenglik va millatlararo hamjihatlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilayotganini eʼtirof etdi. Shuningdek, mamlakatimizda yoshlarning taʼlim-tarbiya olishlari, kasb-hunar egallashlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilayotgani haqida toʻxtalib, soʻnggi yillarda yoshlar orasida aqidaparast, diniy ekstremistik oqimlarga qoʻshilib qolish holatlari uchrayotganligi achinarli ekanligini bildirdi.


Uchrashuvda yurtimizda davlatning din va diniy tashkilotlar bilan oʻzaro munosabati, islom dinining tinchlikparvarlik mohiyati hamda islom dinida mutaassiblik va jaholatning qoralanishi, “jaholatga qarshi maʼrifat” bilan kurashish gʻoyasining ahamiyati, ekstremizm gʻoyalari taʼsiriga tushib qolgan, toʻgʻri yoʻldan adashgan fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish kabi bugungi kunning bir qator dolzarb masalalari yuzasidan fikrlar oʻrtaga tashlandi.


Davra suhbatida yosh avlodni maʼnan barkamol, sogʻlom eʼtiqod va olijanob maqsadlar egasi etib tarbiyalash, ularning ona Vatanimiz oldidagi daxldorlik tuygʻularini kuchaytirish, ayniqsa yot gʻoyalar taʼsiridan asrab-avaylash dolzarb ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi. Bundan tashqari maʼruzachilar muqaddas dinimizda mutaassiblikning qoralanishi, “jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasining ezgu maqsadi haqida batafsil toʻxtaldilar.
Yakunda talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.

Qidirish