Yangiliklar

Image

Andijon mashinasozlik instituti rektori Turdialiyev Umid Muxtoraliyevichning 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tabrigi

Assalomu alaykum, aziz va muhtaram ustozlar!

Har bir kunni yangiliklar, yangilanishlar bilan kutib olayotgan, bugunidan koʻngli toʻq, ertasiga esa katta umid va ishonchlar bilan qarayotgan har bir yurtdoshimiz 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kunini koʻtarinki ruhda kutib olmoqda.

Ushbu qutlugʻ ayyomda barchamiz bizga ilm oʻrgatgan, hayot sabogʻini bergan jonkuyar, fidoyi ustozlarimizga chuqur hurmat bajo keltirib, qoʻlimiz koʻksimizda turgan xolda taʼzim qilamiz. Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, dunyoning bor boylik va xazinasi bilan ham sizlarning olijanob mehnatingiz haqini ado etib boʻlmaydi.

Hayot bor ekan, oʻqituvchilik kasbi oʻzining maʼno-mazmuni va olijanobligini, ahamiyati va hurmatini hech qachon yoʻqotmaydi.

Qadrli ustozlar!

Oʻzingizga maʼlumki, soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari rahnamoligida oliy taʼlim tizimida olib borilgan islohotlar natijasida sezilarli ijobiy oʻzgarishlar roʻy bermoqda.

Yaqinda qabul qilingan Prezidentimizning “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmonida ham kelgusi yetti yil davomida taʼlim tizimini isloh qilish boʻyicha bir qator yangiliklarni tatbiq qilish rejalashtirilayotganini ham quvonch bilan qayd etmoqchiman.

Amalga oshirilgan ishlar ichida yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish, umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarini oliy maʼlumotli pedagog kadrlar bilan toʻliq taʼminlash, 30 ta oliy taʼlim muassasasining taʼlim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish, “Top-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qoʻshma taʼlim dasturi asosida “ikki diplomli tizim”ni joriy etish kabi islohotlarning joriy qilinishi yangi Oʻzbekiston taraqqiyotida sifatli kadrlar tayyorlash boʻyicha tarixiy islohotlardan bir boʻldi deb oʻylayman.

Muhtaram ustoz va murabbiylar!

Dunyo miqyosida raqobat yanada kuchayib boradigan, oʻta murakkab bir davrda yashaydigan bolalarimizni kelajakka tayyorlab, sogʻlom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish taʼlim-tarbiya sohasi, oʻqituvchi mehnatining tub mohiyatini tashkil etadi. Ana shu oʻtkir haqiqat sababli, taʼlim-tarbiya sohasidagi islohotlar davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yoʻnalishi darajasiga koʻtarildi.

Siz azizlarni ana shu ezgu maqsadlarga erishish, inson har tomonlama erkin va farovon yashaydigan yangi Oʻzbekiston davlatini barpo etish, jonajon Vatanimizni yanada taraqqiy ettirishga qaratilgan ogʻir va mashaqqatli, shu bilan birga, gʻoyat sharafli mehnatingiz oldida tashakkur deb qolaman.

Oʻz navbatida yurt taraqqiyoti va ravnaqiga hissa qoʻshib, oʻz oldilariga yetuk kadrlar tayyorlashni maqsad qilib olgan Andijon mashinasozlik instituti jamoasi nomidan barcha ustozlarimizni 1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga uzoq umr, baxt-saodat, xonadoningizga fayz-baraka, barkamol avlodni voyaga yetkazishdagi ezgu ishlaringizga ulkan zafarlar tilayman!

Bayramingiz muborak boʻlsin!

Umid Turdialiyev,
Andijon mashinasozlik instituti rektori

Qidirish