Yangiliklar

Image

Xalqaro ilmiy texnik anjuman

Andijon mashinasozlik institutida “Qayta tiklanuvchi energiya resurslaridan foydalanishning dolzarb muammolari, energiya tejamkor qurilmalarning samaradorligini oshirishda sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalarni tatbiq etish” mavzusida xalqaro ilmiy-texnik anjuman oʻtkazildi.


Turkiyaning Karabuk universiteti, Qirgʻizistonning Oʻsh texnologiyalar universiteti, Andijon davlat universitet, Fargʻona politexnika instituti hamda Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi aksiyadorlik jamiyati hamkorligida oʻtkazilgan anjumanda 100 nafarga yaqin professor-oʻqituvchilar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.


Anjumanni institutning oʻquv ishlari boʻyicha prorektori Suhrobjon Aliyev soʻzga chiqib, energiya resurslari yetishmovchiligi tufayli vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etish va isteʼmolchilarni imkon qadar energiya manbalari bilan barqaror taʼminlash bugungi kuning eng dolzarb masalalardan biri ekanligini taʼkidladi.

Shuningdek, olib borilayotgan ilmiy izlanishlarda Prezidentimizning “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtaldi.


Anjuman davomida ishtirokchilarning “Kremniyda kirishma atomlari, mikro va nanozarrachalarning shakllanish mexanizmlari”, “Vodorod energetikasini rivojlantirish afzalliklari va kamchiliklari”, “Jahonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qoʻllanilishi, istiqbollari va muammolari”, “Innovatsion uslubni muhandislik taʼlimida qoʻllash”, “Elektr energiyasini onlayn nazorat qilish va boshqarish” kabi oʻndan ortiq mavzularda maʼruzalari tinglandi.


Kunning ikkinchi yarmida ishtirokchilar shoʻbalarga boʻlinib, ilmiy izlanishlar samarasini tahlil qilishib, erishilgan yutuqlar va yechimini kutayotgan masalalar xususida munozaralar oʻtkazib, qator dolzarb vazifalarni muhokama etishdi. 

Qidirish