Yangiliklar

Image

Germaniyaning yirik kompaniyasi Andijon mashinasozlik instituti bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ymoqchi

Andijon mashinasozlik instituti rektori Umid Turdialiyev Germaniyadagi Hiker GmbH kompaniyasi boshligʻi Dilfuza Axmadova hamda Kanne Group kompaniyasi boshqaruv kengashi aʼzosi Xenrik Kannelarni qabul qildi.

Uchrashuv davomida rektor institut faoliyati, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, mavjud mutaxassisliklar hamda xalqaro hamkorlik aloqalari haqida qisqacha maʼlumot berdi.

Kanne Group — Germaniyadagi sanoat, ijtimoiy obyektlar, vokzallar, muzeylar va savdo markazlarida oziq-ovqat xizmatlari koʻrsatish sohalarini modernizatsiya qilish va taʼmirlash, qurish va investitsiya qilishga ixtisoslashgan yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi.

Xenrik Kannening aytishicha, soʻnggi yillarda kompaniyada kadr yetishmovchiligi vujudga kelgan boʻlib, yosh xorijlik mutaxassislarni oʻqitib, ularni ish bilan taʼminlashga eʼtibor qaratilmoqda. Bugungi kunda kompaniyada Turkiya, Meksika, Oʻzbekiston va Filippindan kelgan yuzlab xodimlar faoliyat yuritmoqda.

Uchrashuv soʻnggida Xenrik Kanne hamkorlikda ishlash boʻyicha oʻz taklifini bildirib, institut vakillarini kompaniya bilan yaqindan tanishishi uchun Germaniyaga taklif qildi. 

Kunning ikkinchi yarmida xorijlik mehmonlar institutda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Shundan soʻng Transport va logistika fakultetida Germaniyada oʻqish va ishlash istagida boʻlgan yoshlar bilan uchrashdilar.

Uchrashuv davomida talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga kompaniya vakillaridan javob olishdi.

Qidirish