Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida taʼlim jarayoniga raqamli texnologiyalar va zamonaviy usullarni joriy etish boʻyicha zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va taʼlim texnologiyalarining mustahkam integratsiyasini taʼminlash, bu borada pedagog kadrlarning kasbiy mahoratini uzluksiz rivojlantirib borish uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish ustuvor vazifalardan etib belgilangan.
Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi doirasida amalga oshirilayotgan “Markaziy Osiyoda oliy taʼlimni yangi texnologiyalar orqali modernizatsiya qilish (HiEdTech)” loyihasi ham ayni shu maqsadlarga xizmat qiladi.
Bugungi kunda taʼlim paradigmasi oʻzgarmoqda, yetakchi xorijiy universitetlar ham, variativ (gibrid shakl) taʼlim traektoriyalarini, masofaviy kurslarni, oʻqitish texnologiyalarini tobora keng joriy etishmoqda.
Talabalarning masofadan turib taʼlim olish imkoniyatini yaratish uchun oliy taʼlim muassasalarida professor-oʻqituvchilar tomonidan tegishli oʻquv resurslari yaratilishi va ular oʻzlarining fanlari boʻyicha avvaldan tayyorlab yurgan barcha oʻquv materiallarini masofaviy taʼlim platformalariga joylashtirib borishi, virtual muhitda ishlashni yaxshilash uchun “Masofaviy taʼlimni tashkil etish texnologiyalari” kurslari yoʻlga qoʻyilishi bu loyihaning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Shu kunlarda, Italiyaning Pavia universitetida HiEdTech loyihasi boʻyicha 8-yigʻilish boʻlib oʻtmoqda.
Yigʻilishning birinchi kunida loyihaning barcha hamkorlari: 10 ta davlat, 20 ta oliy taʼlim muassasalari, University of Ruse (Bolgariya) - Loyiha koordinatori, qolaversa, Oʻzbekistonning 3 ta oliy taʼlim muassasalari: Andijon mashinasozlik instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi vakillari faol ishtirok etishdi.
Seminar-trening va muhokamalar kun tartibiga muvofiq davom etmoqda.