Joriy yilning 11 aprel kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Andijon mashinasozlik instituti rektori Umid Turdialiyevga biriktirilgan Andijon shahrining “Ma’rifat” mahallasida bir qator salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu kunga qadar rektor mahallada istiqomat qilayotgan “qizil” toifaga kirgan 72 nafar yoshlar va ularning ota-onalari bilan xonadonbay tizimida uchrashib, ularning ijtimoiy holati, muammolari va qiziqishlarini o‘rgandi. Shunga asosan ularning bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, hayotda o‘z o‘rnini topishi va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
O‘rganish davomida Sarvinoz Sattarova, Tursunoy Rejaboyeva va Mubinaxon Ibragimova kabi qizlar tikuvchilikka qiziqishini bildirishib, tikuv mashinaga ehtiyoji borligini aytishgan. Ikromjon Ortiqboyev esa axborot texnologiyalaridan xabardorligini aytib, agarda noutbuk olib berilsa mahallaning boshqa yoshlariga ham kompyuter savodxonligidan dars berishga tayyorligini bildirgan edi.
Kuni kecha institut rektori Umid Turdialiyev yana ularning xonadoniga tashrif buyurib, tikuv mashinalari hamda noutbukni o‘z egalariga topshirdi.
“Uyimizgacha kelib, bizni dardimizga quloq tutib, muammolarimizni hal etish yo‘llari izlanayotganidan juda minnatdormiz. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikni ko‘rib, imkoniyati cheklanganligimizni ham unutib qo‘yyapmiz, o‘zimizni yana qayta tug‘ilgandek his qilayapmiz. Ko‘rsatilayotgan mehr–muruvvat, ijtimoiy ko‘mak va qadrimiz ulug‘lanayotgani tanamizga kuch bag‘ishlamoqda”,-deydi Ikromjon Ortiqboyev.
Yoshlar va ularning ota-onalari bu kabi e’tibor va g‘amxo‘rlikdan minnatdor ekanliklarini, uchrashuvlarda aytilgan muammolar o‘z yechimini topayotganligidan mamnunliklarini bildirdilar.