Yangiliklar

Image

Nankin politexnika instituti bilan hamkorlik yanada kengayadi

2022 yilning iyun oyida Andijon mashinasozlik instituti hamda Xitoyning Nankin  politexnika instituti o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolangan edi.


Ushbu memorandum asosida o‘tgan bir yil davomida institut qoshida Xitoy tilini o‘rganish va Yong Li texnik markazlari, Luban ustaxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari muassasalar professor-o‘qutuvchilarining onlayn uchrashuvlari tashkil etilib, tajribalar almashinildi. Natijada hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha bir qancha taklif va tashabbuslar o‘rtaga tashlandi.


Shu munosabat bilan kuni kecha Nankin politexnika instituti vise-prezidenti Chjao Xusheng boshchiligidagi rasmiy delegasiya Andijon viloyatiga tashrif buyurdi.
Ularni Andijon mashinasozlik instituti rektori Umid Turdialiyev kutib oldi hamda institut faoliyati va o‘tgan yil davomida memorandum asosida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirdi.


Uchrashuv davomida kelgusida Xitoy tili markazi faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida xitoylik mutaxassislarni jalb qilish, talabalarni Buloqboshi tumanida faoliyat yuritayotgan sement ishlab chiqaruvchi O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasida nafaqat amaliyot o‘tashlari uchun sharoit yaratib berish, shuningdek, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar uchun almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, birgalikda ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.


Shuningdek, institutda bakalavrlar uchun (2+2), magistrlar uchun esa (1+1) tizimida qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha yangi yo‘nalishlarni ochish, AndMIning elektrotexnika, elektromexanika, elektrotexnologiyalar, muqobil energiya hamda NanPIning elektr avtomatlashtirish texnologiyasi va issiqlik elektr inshootlari kabi yo‘nalishlarni transformasiya qilish masalalari bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Muzokaralar natijalariga ko‘ra, ikki tomonlama kelishuvga erishildi.

Qidirish