Avval xabar berganimizdek, kecha Andijon mashinasozlik instituti rektori Umid Turdialiyev Belgiya ta`lim Kengashi vakillari Aksana Pozdnyakova hamda Yelena Loktevalarni qabul qildi.
Uchrashuv davomida ta’lim, ilm-fan sohalarini takomillashtirish, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish va stajirovka o‘tashi, xalqaro grantlarni hamkorlikda bajarilishini ta’minlash masalalarini muhokama qilingan edi.
O‘zaro muzokaralar davomida hamkorlikda grant loyihalarni ishga tushirish, Yevropa ittifoqi bo‘ylab professor-o‘qituvchilar stajirovkalarini tashkil etish hamda ta`lim jarayoniga oid yana boshqa masalalar bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvga erishildi. Kelishuv yakunlari bo‘yicha Andijon mashinasozlik instituti hamda Belgiya ta`lim kengashi o‘rtasida kelishuv memorandumi imzolandi.
"O‘zbekistonga kelishni uzoq yillardan beri orzu qilardim. Biroq turli sabablarga ko‘ra kelaolmaganman. Ammo o‘tgan oyda Andijon mashinasozlik instituti rektorining ikki tomonlama hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha taklifi mening orzularimni amalga oshirishga katta turtki bo‘ldi. Kecha va bugun institut faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Bizni xursand qilgani O‘zbekiston oliy ta`lim muassasalari xalqaro maydonga intilmoqda, jahon tajribalarini o‘rganmoqda. O‘ylaymizki kelgusida ikki tomonga ham manfaatli bo‘ladigan juda ko‘p xalqaro darajadagi loyihalarni birgalikda amalga oshiramiz",- deydi Aksana Pozdnyakova.