Yangiliklar

Image

O‘zbekistonda biotibbiyot muhandisligi: zamonaviy holati, muammolari va istiqbollari

Andijon mashinasozlik institutida “O‘zbekistonda biotibbiyot muhandisligi: zamonaviy holati, muammolari va istiqbollari ” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Unda mahalliy va xorijiy, jumladan, Portugaliya, Latviya, Turkiya, Italiya va Janubiy Koreya OTMlari professor-o‘qituvchilari, mutaxassislar, tadqiqotchilar va magistrantlar ishtirok etdi.


Anjumanda Andijon mashinasozlik instituti dotsenti Z.Jo‘rayev, Andijon davlat tibbiyot instituti professori Yu. Egamov, Portugaliyaning Setubal politexnika universiteti professorlari Rui Vilela Dionisio, Joze Inakio, Rosha Rui Pedro Batoreo Amaral, Latviyaning Riga universiteti professori Yuriy Degtyar kabi o‘nlab mahalliy va xorijlik olimlarning mavzu yuzasidan chiqishlari tinglandi.

Anjumanda tibbiyot-davolash muassasalarida tibbiyot muxandislarining o‘rni va ularni tayyorlashga qo‘yilayotgan talablar, ta’lim jarayonining o‘ziga xos xususiyatlari, Biotibbiyotda nanotexnologiyalar, shuningdek, tibbiyot uskuna va jihozlarini boshqarish kabi mavzularda qilingan chiqishlarda sohaning bugungi kundagi holati, mavjud muammolar va ularning yechimlari ko‘rsatib berildi.


Shuningdek, yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalar bilan amaliy diagnostika usullarini ishlab chiqish va o‘rganish, Biologik tuzilmalar va organlarni modellashtirish va 3D vizualizatsiya qilish texnologiyalari, Tibbiyotda metrologiya va tibbiy o‘lchashlar, tibbiy asbob-uskunalarning organizmga davolovchi ta’sirini modellashtirish dasturlarini ishlab chiqish, sun’iy intellektdan biotibbiyot amaliyotida foydalanish imkoniyatlari, biotibbiyot ilovalari uchun ma’lumotlarni qayta ishlash intellektual tizimlarini loyihalash vositalarini ishlab chiqish va tadqiq qilish kabi mavzular ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Yakunda anjuman ishtirokchilari o‘tkazilgan mazkur ilmiy tadbir yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.

Qidirish