Yangiliklar

Image

Prezident Yoshlar kuniga bag'ishlangan bayram tadbirida nutq so'zladi

Davlatimiz rahbari Yangi O'zbekistonning barcha yoshlarini bayram bilan tabrikladi.

“Albatta, sizlar bilan uchrashish, ko'nglingizdagi ezgu orzu va rejalaringiz bilan o'rtoqlashish, taklif va tashabbuslaringiz haqida eshitish menga doimo quvonch va g'urur bag'ishlaydi.

Sizlarning shijoat va intilishingizni ko'rib, yonib turgan ko'zlaringizga boqib, o'zimga bitmas-tuganmas kuch olaman.

Hozirgina Prezident va ijod maktablari o'quvchilari, Yangi O'zbekiston universiteti talabalari, yosh olim va ijodkorlar, dasturchilar, sportchilar va tadbirkorlar bilan gaplashib, bir narsaga qatъiy amin bo'ldim.

Bugungi yoshlarimizning salohiyati, dunyoqarashi, bildirgan taklif va tashabbuslari, mustaqil fikrlashi, kelajak va Vatan haqida, o'zining jamiyatdagi o'rni va masъuliyati haqidagi qarashlari barcha ota-onalar, ustoz-murabbiylar qatorida meni ham cheksiz quvontiradi".

“Men siz, aziz farzandlarimdan bir narsani so'rayman: tinimsiz o'qib, zamonaviy bilimlarni egallashdan, ko'nglingizdagi ezgu maqsadlar sari harakat qilishdan, hech qachon to'xtamang!

Qoraqalpog'istondan Andijongacha, Surxondaryodan Toshkentgacha – barcha hududlardagi yoshlarimiz Yangi O'zbekistonni barpo etishdek buyuk maqsadimiz yo'lida bir tanu bir jon bo'lib, dadil olg'a intilishlari kerak.

Men sizlarning bu yo'lda marrani baland olib, yagona kuch bo'lib, harakat qilishingizga ishonaman!

Sizlar bunga albatta qodirsiz!

Men sizlarga ishonaman va  sizlar bilan faxrlanaman, aziz bolalarim!

Fursatdan foydalanib, barchangizni bugungi unutilmas bayramingiz bilan yana bir bor tabriklayman. 

Sizlarga mustahkam sog'liq, tuganmas kuch-g'ayrat, ulkan yutuq va zafarlar tilayman”, dedi Prezident so'zining yakunida.

Qidirish