Yangiliklar

Image

Andijon mashinasozlik instituti Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Muxtaram Xaliqova "Uchinchi renesans ma'rifatli jamiyat sari" konferensiyasida ishtirok etdi

Yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, yurtdoshlarimiz, avvalo, yoshlar qalbida amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik, ular orasida o‘zaro mehr-oqibat, hamjihatlik, vatanparvarlik, shukronalik, tuyg‘ularini kuchaytirish, mahallalarda aholi kayfiyatini ko‘tarish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida joriy yilning 18-19 may kunlari Buxoro shahrida "Uchinchi renesans ma'rifatli jamiyat sari" konferensiyasi tashkil etildi.

Anjumanga mamlakatimizning turli xil nuqtalarida faoliyat olib borayotgan bir guruh ziyolilar, olimlar, san’at arboblari, professorlar taklif etilgan. Quvonarlisi ular safida Andijon mashinasozlik instituti Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Muxtaram Xaliqova ishtirok etmoqda. 2 kun davomida tashkil etilgan loyihalar haqida yaqindan bilish maqsadida Ustozimiz bilan telefon orqali bog‘landik va anjuman haqidagi fikrlariga qiziqdik. Ushbu fikrlarni sizga ham ulashmoqdamiz.

Matbuot xizmati xodimi: 

“Ustoz anjumanda ishtirok etishingiz haqida bilganingizda nimalarni his qildingiz.”

Muxtaram Xaliqova – Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i:

“Anjumanda ishtirok etishimni talabalar bilan birgalikda bildim. Sababi o‘sha kuni talabalar ishtirokida Oila muqaddas mavzusida davra suhbatida edim. Shunda anglab yetdim-ki ma’naviyatga yaqin yurgan, uni o‘zining kunlik odatiga aylantirgan insonga bu ilohiy fazilat ham yaqin kelaverarkan. Respublika anjumanida ishtirok etish men uchun katta sharaf, shu bilan birgalikda ulkan mas’uliyat hamdir. Ma’naviy-ma’rifiy sohaga ulkan e’tibor  qaratiladigan yurtda tug‘ilganimdan, aynan shu sohada faoliyat olib borayotganimda o‘zimni yana bir bor baxtli his qildim. Dono xalqimiz aytadi – “Dunyoni ilmu-ma’rifat qutqaradi” Bejizga ilm va ma’rifat bir-biridan ayro etilmaydi. To‘plangan tajribani, umr bo‘yi yig‘ilgan ilmni yaxshilik yo‘lida sarf qilish uchun insonga birinchi navbatda buloq suvidek pokiza ko‘ngil, sog‘lom ruh kerak. Bu xislatlarni sizu bizga ma’naviyat beradi. Bugungi kunda yurtboshimiz tomonidan yoshlarga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yilida ko‘plab ta’lim muassasalarini moddiy texnika bazasi yaxshilandi. Uzoq yillar davomida soha bo‘yicha o‘z yechimini topmay kelayotgan muammolarga barham berildi. “Imkoniyat berildi, hamma ishni uddalasam bo‘ladi, oldimga qo‘ygan maqsadimga erishish uchun tinimsiz izlanishim, o‘qib o‘rganishim kerak” – degan maqsad bilan harakat qilish haqiqiy ma’naviyati yetuk insonni gapi bo‘ladi nazarimda.”

        

Matbuot xizmati xodimi: 

“Ustoz anjuman davomida tashkil etilgan loyihalar haqida gapirib bersangiz”

Muxtaram Xaliqova – Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i:

“Anjumanga juda yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilganligi meni juda quvontirdi. “Uchinchi Renessans – ma’rifatli jamiyat sari” mavzusida o‘tkazilgan Respublika anjumani doirasida konferensiya materiallari to‘plami taqdimoti, “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lgan yurtdoshlarimiz ishtirokida “O‘zbekiston Qahramonlari” kitobi taqdimoti, O‘zbek musiqa san’atining ko‘p asrlik ijro yo‘llari, qadimiy tarixi, noyob san’atini keng targ‘ib qilish, iqtidorli yoshlarni ushbu san’at yo‘nalishlari bo‘yicha qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida “Milliy qo‘shiqlar va maqom” konsert dasturi o‘tkazish, korxona, tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalarida ziyolilar, shoir-yozuvchilar ishtirokida “Ma’rifat soatlari” loyihalari amalga oshirildi. Shuningdek, Buxoro viloyatidagi mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, saxovat uylarida yashayotgan nuroniylar, ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish,“Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Mehr daftari” ga kiritilgan oilalar vakillari va ularning farzandlarini ma’naviy qo‘llab-quvvatlash hamda ularni qadimiy obidalar, muqaddas qadamjolarga sayohatini tashkil etish maqsadida “Mehr-muruvvat va saxovat” va "Ma’rifat tur” loyihalari qilindi.”

Matbuot xizmati xodimi: 

“Talabalaringiz va shogirtlaringizga olgan taassurotlaringiz haqida ikki og‘iz gapirib bersangiz”

Muxtaram Xaliqova – Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i:

“Bilasizmi, agar sizning hamma havas qiladigan hashamatli uyingiz bo‘lsa-yu, uyning ichida katta kichikni xurmat qilmasa, yoshning qariga salomi, nuroniyning yoshga duoyi kalomi, aka-ukalarni oqibati, opa-singillarni iffati bo‘lmasa demak sizda bir deganda yo‘qotadigan narsangizdan bo‘lak hech nimangiz yo‘q. Yoshlarga qarata aytmoqchimanki, har qanday sohada zo‘r mutaxassis bo‘lish bilan birgalikda eng avvalo ma’naviyatli inson bo‘lib ulg‘aying. Zamon yangilanadi, kasblar eskiradi, ammo ma’naviyat asl holicha qolaveradi. Men va meni ustoz deb bilgan har bir yosh bilan birgalikda biz barchamiz – ma’rifat targ‘ibotchilarimiz. Xalqimizni bugungi baxtli kunini yaratishda, jamiyatni osyishtaligi yo‘li hamisha xizmat qilishdan charchamaymiz. Anjumandan taassurotlarim juda ham katta. Uni bir kichik suhbat orqali yetkazish imkonsiz. Bu haqda davra suhbati tashkil qilib, alohida gaplashamiz.”

 


Andijon mashinasozlik institutining

Axborot xizmati

 

Qidirish