Ko'pchiligimiz tongda uyg'onib, kun davomida qiladigan ishlarimizni ma'lum bir soat va daqiqalarda bajarishga rejalashtirishga odatlanganmiz. Uydan ishga borishda ham zaruratga qarab masofa, uzunlik, kenglik kabi o'lchovlarini chamalaymiz. Qachon, qaysi manzilda bo'lishimiz lozimligini hayolan hisob-kitob qilib, shu asosida harakatlanamiz. Aslida, atrofimizdagi barcha narsaning o'z o'lchovi bor. Insonlarning o'lchovlar borasidagi aniqlikni ta'minlashga talabi ortgani sari soha mutaxassislari oldidagi vazifa va mas'uliyat ham kengayib bormoqda. Xususan, so'nggi yillarda milliy metrologiya sohasida o'lchashlar yagonaligini ta'minlash, ularning xalqaro darajada e'tirof etilishiga erishish bo'yicha bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilyapti. Sohada ilmiy tadqiqotlar ko'lami kengayib, qo'llanilayotgan texnologiyalar zamon talabiga mos tarzda rivojlanib bormoqda.
Joriy yilning 18-may kuni Andijon mashinasozlik institutida 20-may “Butunjahon metrologiya kuni” munosabati bilan “XXI asr ilm-fan va ishlab chiqarishda metrologiya” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo’lib o’tdi. Ushbu anjumanda xorijiy davlatlar va respublikamiz professor-o’qituvchilari, soha mutaxassislari, doktorantlari, ilmiy xodim va izlanuvchilari hamda oliy ta’lim muassasalarining iqtidorli talabalari va magistrantlari ishtirok etdi.
Dastlab, Andijon mashinasozlik instituti rektori Umid Muxtoraliyevich Turdialiyev kirish so’zi bilan anjumanni ochib berdi. Kirish so’zidan so’ng institut O’quv ishlari bo’yicha prorektori S.R.Aliyev konferensiya qatnashchilarini “Butunjahon metrologiya kuni” bilan tabrikladi. Shundan so’ng anjumanga tashrif buyurgan O’zbekiston Milliy metrologiya instituti raxbariyati, Andijon, Samarqand, Fargona, Namangan, Navoiy hududiy filiallari mutaxassislari, Andijondagi 20 dan ortiq Qo’shma korxonalarning metrolog mutaxassislari, Uz-test ilmiy sinov va sertifikatlashtirish markazi raxbariyati va xodimlari, jumladan, O’zbekiston Milliy metrologiya instituti direktori L.F.Saidoripov, O’zMMI hududiy filiallar faoliyatini muvofiqlashtirish va rivojlantirish bo’limi boshlig‘i T.Yusupov, Standartlashtirish institutidan G‘.M.Axmedov, O‘zMMI Toshkent bo’limidan J.A.Ergashev, Andijon mashinasozlik instituti dotsenti Z.B.Jo’rayev, Andijon Davlat tibbiyot instituti professori Sh.P.Qurbonov, O‘zMMI Navoiy filialidan V.Sh.Jamolov, O‘zMMI Namangan filialidan S.K.Vaxobova, O‘zMMI Samarqand filialidan U.O.Nurmuhammadov, shuningdek, konferensiyada online tarzda ishtirok etgan Olma-ota texnologiya universiteti, Portugaliya Setubal Texnologiya universiteti, Italiyaning Turin politexnika universiteti professorlari va Yaponiya Metallurgiya maxsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxona ishlab chiqarish direktori “Zamonaviy metrologiyaning rivojlanish muammolari va metrologik xizmatni tashkil etishning metodologik asoslari”, “Tashqi iqtisodiy faoliyatda o‘lchashlar birliligini ta’minlash zaruriyati”, “Mashinasozlik va to‘qimachilik sanoatida o‘lchashlar. Raqamli metrologiya”, “Tibbiyot metrologiyasi va sogʻlik sohasida o‘lchashlar”, “Global oziq-ovqat tizimini qo‘llab-quvvatlovchi o’lchashlar” va shu kabi mavzular yuzasidan muhokamalar qildilar
Muhokamalardan so’ng anjumanda faol ishtirok etgan qatnashchilarga sertifikatlar va esdalik sovg’alari topshirilib, konferensiyasining plenar yig’ilishi yakunlandi
Andijon mashinasozlik institutining
Axborot xizmati