Amir Temur-o‘zligimizni anglash, milliy an’ana va qadriyatlarimizni tiklash borasidagi ulug‘vor ishlarda xalqimizga ma’naviy kuch bag‘ishlab kelayotgan ulug‘ siymolardan biridir.
Sohibqiron tavallud topgan kun mamlakatimizda har yili ko‘tarinki ruhda keng nishonlanadi. Bu yil ham ulug‘ sarkarda tavalludining 687 yilligi tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Shu munosabat bilan joriy yilning 8-aprel kuni Andijon mashinasozlik instituti “Gumanitar fanlar” kafedrasi professor-o’qituvchilari tomonidan 1-talabalar turar joyida Amir Temur tavalludiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Yoshlar masalalari, ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha birinchi prorektor A.Ermatov ochib berdi. Tadbirda so‘zga chiqqan kafedra professori U.Abdullaev va boshqalar Sohibqiron nafaqat o’z davridagi eng qudratli davlat asoschisi, ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat homiysi, balki Osiyo va Yevropa qit’alarida ro‘y bergan tarixiy o‘zgarishlarga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatib, jahon tsivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan Shaxs ekanini ta’kidlashdi.
Adolat kuchda emas, kuch adolatdadir, degan shior Amir Temur saltanatining barcha hududlarida axloqiy-ma’naviy mezonga aylangan. Ulug‘ ajdodimiz o‘z tuzuklarida “...amr etdimki, kimki biron sahroni obod qilsa yoki koriz qursa, yo biron bog‘ ko’kartirsa, yoxud biron xarob bo‘lib yotgan yerni obod qilsa, birinchi yili undan hech nima olmasinlar, ikkinchi yili raiyat o‘z roziligi bilan berganini olsinlar, uchinchi yili (esa oliq-soliq) qonun-qoidasiga muvofiq xiroj yig‘sinlar”, deb yozadi. Ana shunday adolat asosida o‘rnatilgan tartib-taomillar mamlakatda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlagan, odamlarni halol mehnat qilishga, tadbirkorlik, yaratuvchanlik ruhi bilan yashashga undagan.
Bu kabi tadbirlarning azaliy qadriyatlarimizga hamohang tarzda nishonlanishi yosh avlodning tariximizga oid bilimini, ulug‘ bobomiz siymosiga hurmat-ehtiromini yanada yuksaltiradi.
Tadbir yakunida talabalar uchun iftorlik dasturxoni yozildi.
Andijon mashinasozlik institutining
Axborot xizmati