Yangiliklar

Image

"Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi xodimlari ishtirokida seminar o'tkazildi

Andijon mashinasozlik institutida 2023-yil 16-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi xodimlari hamda Institut ilmiy bo‘limi bilan hamkorlikda Respublika va xalqaro miqyosda intellektual mulk himoya hujjatlari uchun talabnomalarni tayyorlash, ish yuritish va ekspertiza jarayonlari hamda patent va guvohnomalar olish tartiblari bo‘yicha seminar o‘tkazildi.

Andijon mashinasozlik instituti ilmiy-tadqiqtlar, innovatsiyalar va ilmiy pedagogik kadrlarni tayyorlash bo‘limi boshlig‘i O.A.Mirzayev kirish so‘zi bilan seminarni ochib berdi hamda Andijon mashinasozlik institutining Texnologiyalar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazida qilingan ishlar hamda ushbu markazning kelajakdagi istiqbollari haqida to‘xtalib o‘tdi.

 

 

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi Axborot resurs va TIQQMBI bo‘limi boshlig‘i S.Raxmonov so‘zga chiqib, ushbu markazni tashkil qilishdan asosiy maqsad mamlakatning intellektual mulk sohasidagi salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, intellektual mulk sohasida mutaxassislar bilim darajasini va ularni tayyorlash samaradorligini oshirish, omma o‘rtasida intellektual mulkga nisbatan hurmat hissini shakllantirish, ixtirochilik faoliyalini rag‘batlantirish hamda ilmiy-texnik ijodkorlik natijalarini hayotga tadbiq etishga sharoit yaratish ekanligiga urg‘u berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi Ixliro va foydali modellar bo‘limi boshlig‘i I.Abdukadirov so‘zga chiqib, ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalarini huquqiy muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish sohasidagi masalalar yuzasidan o‘z taqdimoti bilan seminar ishtirokchilariga ma’lumot berib o‘tdi.

Bundan tashqari, tadbir davomida ixtiroga, foydali modelga va sanoat namunasiga patent berish haqidagi talabnoma shartlari, sanoat mulki obyekti ustuvorligi, talabnomalami o‘zgartirish haqida to‘xtalib o‘tildi.

 

 

I.Abdukadirov sanoat mulki obyektiga bo‘lgan huquq muallifga (hammualliflarga) yoki uning (ularning) huquqiy vorisiga (huquqiy vorislariga) tegishli bo‘lishi va patent bilan tasdiqlanishi, agar sanoat mulki obyektini bir nechta shaxs bir-biridan mustaqil ravishda yaratgan bo‘lsa, patent olish huquqi patent berish haqidagi talabnomani Vazirlikka birinchi bo‘lib topshirgan shaxsga tegishli bo‘lishi, ixtironing va foydali modellarning patentga layoqatlilik shartlari, sanoat mulki obyektining huquq subyektlari, patent egasining sanoat mulki obyektidan foydalanish huquqi hamda patent egasi mutlaq huquqining buzilishi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Kun tartibidagi masala atroflicha muhokama qilinib, seminarda ishtirok etgan professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilarning o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar berildi hamda taraflar tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar o‘zaro taqsimlab, kelishib olindi.


Andijon mashinasozlik institutining

Axborot xizmati

Qidirish