Shoh va sarkarda, benazir shoir, jahon ilm-fani hamda madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shgan hamyurtimiz Zahiriddin Muhammad Boburning 540 yillik tavallud kuniga bag‘ishlangan tadbir Andijon shahridagi Bobur maydonida bo‘lib o‘tdi.
Dastlab unda viloyat, tuman va shahar hokimliklari, korxona va tashkilotlar vakillari, shuningdek, Hindiston, Afg‘oniston, Qozog‘icton, Qirg‘iziston va Amerikadan kelgan boburshunos olimlar, keng jamoatchilik vakillari hamda talaba-yoshlar buyuk bobomizga hurmat ifodasi sifatida uning haykali poyiga guldastalar qo‘ydilar.
Tadbirda so‘z olganlar buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur qoldirgan adabiy-ilmiy merosning qadr-qimmati, jahon adabiyotining nodir xazinalari sifatida asrlar davomida e’zozlab kelinayotgani haqida atroflicha fikr-mulohazalar bildirdilar.
Shoirning dilbar g‘azallari, purma’no ruboiy va masnaviylari, butun dunyoga ma’lum-u mashhur “Boburnoma”si, musiqa ilmiga doir durdona asarlari uning naqadar serqirra ijodkor bo‘lganligidan darak beradi.
Badiiy nasrning betakror namunasi sanaladigan “Boburnoma” tarixiy-memuar asari jahonning 70 dan ortiq mamlakati muzeylaridan joy olgani, bu shoh asarning 30 dan ortiq tilga tarjima qilinganligi e’tirof etildi.
Tadbir davomida mehmonlar hamda Bobur izdoshlari tomonidan uning qalamiga mansub g‘azal, muhammaslar o‘qilib, she’rlari kuyga solindi.
Ushbu tadbirda Umid Turdialiyev boshchiligida institutimiz jamoasi ham faol ishtirok etdi.
Andijon mashinasozlik institutining
Axborot xizmati