O‘zbekistonning ochiqlik siyosati, dunyo bozoriga faol kirib borayotgani, barcha sohalarda xalqaro hamkorlik kengayayotgani xorijiy tillarni bilishga ehtiyojni oshirmoqda. Yoshlarning xorijiy tillarini oʻrganish masalasi soʻngi yillarda davlatimiz oldiga qoʻyilgan muhim masalalardan biridir. Zero xalqimizning “Til bilgan, el biladi” kabi dono soʻzlari tubida chuqur ma’no yotibdi. Shuningdek xorijiy tillarni yaxshi oʻzlashtirgan yoshlar dunyo bilimlari kalitini qoʻlga kiritadi desak mubolagʻa boʻlmasa kerak. Dunyo bilimlariga kalitni qoʻlga kiritgan yoshlar esa 3-renessans poydevorlari boʻladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlar va ta'limga oid har bir chiqishlarida xorijiy tillarni oʻrganish zamon talabi ekanligini ta’kidlab kelmoqda. Jumladan bugun, 20-dekabr kuni Oliy Majlisga yo'llangan murojaatnomada ham ayni masala kun tartibida ekanligini aytib o'tdi. Andijon mashinasozlik institutida ham talabalarning xorijiy tillarga boʻlgan qiziqishlarini ragʻbatlantirish, til boʻyicha koʻnikmalarini mustahkamlash maqsadida tizimli ravishda ishlar olib borilmoqda. Xususan xorijiy tillar boʻyicha koʻrik-tanlovlar, fan olimpiadalari, debat musobaqalari oʻtkazib kelinmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri joriy yilning 20-dekabr kuni “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi hamda yoshlar bilan ishlash va ma’naviyat bo‘limi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligiga bag’ishlangan “INGLIZ TILI BILIMDONLARI” ko‘rik-tanlovining institut bosqichi o‘tkazildi.
Tanlovda fakultet bosqichida g’oliblikni qo‘lga kiritgan 6 ta jamoa: Avtomobilsozlik fakultetining “Infinity”, Mashinasozlik texnologiyasi fakultetining “Mechanical texnology”, Iqtisodiyot fakultetining “Economists”, Elektrotexnika fakultetining “Unique”, IB va KT fakultetining “Perfect”, Transport logistikasi fakultetining “Future developers” nomli jamoalari o‘zaro bellashdilar. Har bir jamoa ingliz tilida tanishtiruv, blits savollar va erkin mavzu kabi shartlarni bajardilar. Ushbu tadbir qizg’in munozaraga boy va talabalarni bir jamoa bo‘lib ishlashlari bilan ahamiyatli bo‘ldi. Tanlov yakunida Iqtisodiyot fakultetining “Economists” jamoasi III darajali, IB va KT fakultetining “Perfect” jamoasi II darajali, Mashinasozlik texnologiyasi fakultetining “Mechanical texnology” jamoasi I darajali Diplomlarni qo‘lga kiritdilar. Tanlovda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi Andijon viloyati hududiy vakilligi mutaxassislari ishtirok etib, tanlov qatnashchilarini esdalik sovg'alari bilan taqdirlandilar.
Andijon mashinasozlik institutining
Axborot xizmati