Yangiliklar

Image

Moliyaviy mustaqillik oliy ta’lim muassasalari taraqqiyotining yangi bosqichi.

Har bir kunni yangiliklar, yangilanishlar bilan kutib olayotgan, bugunidan ko‘ngli to‘q, ertasiga esa katta umid va ishonchlar bilan qarayotgan  yurtdoshlarimiz Yangi O‘zbekistonning 2022 yilini shukronalik bilan qarshi olishmoqda.

Har sohada bo‘layotgan yangilanish va o‘zgarishlar oliy ta’lim tizimida ham davomiy bo‘lmoqda. Kuni kecha Prezidentimizning “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Unda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, davlat oliy ta’lim muassasalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash masalalarini mustaqil hal etish, ilmiy-tadqiqot faoliyatiga mablag‘larni jalb etish imkoniyatini kengaytirish hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida raqobat muhitini rivojlantirish kabi bir qator masalalar qamrab olingan.

Qarorga ko‘ra, 35 ta yetakchi Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berilishi va ularning qatorida bizning Andijon mashinasozlik institutini ham bo‘lishi barchamizga sharaf va katta mas’uliyatni yuklaydi, desam so‘zim mubolag‘a bo‘lmasa kerak. O‘z o‘rnida ta’kidlash joizki, buni institutimiz professor-o‘qituvchilari va xodimlari zo‘r qiziqish, katta xayajon bilan kutib olishdi. Xech ikkilanmay ayta olmanki, yurtboshimizning qarorlari bizga yangi yil bayrami uchun o‘ziga xos sovg‘a bo‘ldi. 

O‘ylaymanki, Prezidentimizning qarorlari sabab, yangi 2022 yilda oliy ta’lim tizimida ulkan o‘zgarishlar yili bo‘ladi, yangi O‘zbekiston uchun xaqiqiy vatanparvar, jahon tan oladigan mutaxassislar yetishib chiqadi va bu yo‘lda biz ustozlar, yurtboshimiz ko‘rsatmalariga labbay deb javob berib, berilgan ishonch va salohiyatimizni ezgulikda ko‘rsatamiz.

Turdialiyev Umid Muxtaraliyevich - Andijon mashinasozlik instituti rektori

Qidirish