O‘tgan yilning oktyabr oyida Janubiy Koreyaning U1 universiteti Arxitektura muhandisligi kafedrasi professori Kim Hwan Sik Andijon mashinasozlik institutiga tashrif buyurgandi.
Uchrashuvda shaharsozlikda transport muammolarini hal qilish, zamonaviy transport va logistika muammolari va ularga yechimlar hamda Mehnat muhofazasi kafedrasi bilan akademik almashinuv imkoniyatlarini o‘rganish masalalari muhokama qilinib, bir qator kelishuvlarga erishilgandi.
Kuni kecha universitetning universitet prezidenti Kim Duk Hyun, Xalqaro aloqalar bo‘yicha direktor Bak Yong Hvan, Arxitektura kafedrasi professori Kim Hvan Sik va assistent Jin Ijunlar institutimizda mehmon bo‘lishdi.
Ularni Andijon davlat texnika instituti rektori vazifasini bajaruvchi Suhrobjon Aliyev kutib oldi.
Uchrashuv davomida ikkala muassasada yaratilgan sharoitlar, mavjud yo‘nalishlar haqida taqdimotlar qilindi.
Shuningdek, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, avtomobilsozlik, mexatronika va robototexnika hamda shaharsozlik yo‘nalishlari bo‘yicha kelgusida hamkorlikda qilinadigan ishlar, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi dasturi hamda ilmiy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan muhokama va muzokaralar olib borildi.
Muzokaralar yakunida Andijon davlat texnika instituti hamda U1 Universiteti ikki tomonlama hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Ma’lumot uchun, Universitet 1994-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Koreyaning markaziy mintaqasi Yeongdong-gun shahrida joylashgan. Muassasada 26ta fakultet bo‘lib, IT, arxitektura, ijtimoiy ta’minot va ta’lim bilan bog‘liq fanlarni o‘z ichiga olgan 30 dan ortiq turli xil ixtisoslik yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.