Yangiliklar

Image

Andijon mashinasozlik instituti Xalqaro reytingda besh yuztalikdan joy oldi

“UI Green Metric World University Ranking” bo‘yicha dunyo universitetlarining xalqaro reytingi e’lon qilindi. 

Reyting natijalariga ko‘ra, Andijon mashinasozlik instituti dunyo bo‘yicha 6775 ball to‘plab, 95 ta mamlakatdagi 1477 ta oliygohlar orasida 479-o‘rinni, respublika oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida esa 10-o‘rinni, Farg‘ona vodiysi hamda Andijon viloyati esa 1-o‘rinni egalladi.

Ma’lumot uchun, UI GreenMetric World University Ranking – UI Greenmetric universitetlarning global ekologik reytingi hisoblanib, Indoneziya universiteti tomonidan 2010-yildan beri o‘tkazib kelinadi.

Reytingni tuzuvchilar ilmiy jamoatchilik e’tiborini ba’zi ekologik muammolarni hal qilish uchun atrof-muhitni barqaror rivojlantirish siyosati zarurligiga jalb qilishga intiladilar. Asosiy reyting mezonlari energiya iste’molini tejash suv resurslaridan oqilona foydalanish, chiqindilarni saqlash va qayta ishlash, ekologik toza transport vositalaridan foydalanish, kampusdagi yashil hududlarning maydoni kabi ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga oladi.

Reytingda ushbu sohada olib borilayotgan o‘quv va ilmiy faoliyat ko‘rsatkichlariga katta e’tibor beriladi.

“Yashil reyting” boshqa reytinglarga nisbatan bir qator inkor etilmaydigan afzalliklarga ega.

Andijon mashinasozlik instituti mazkur reytingda 2021-yildan buyon ishtirok etib kelmoqda. Institut 2021-yilda 792-o‘rinni, 2022-yilda 635-o‘rinni egallagan. 2023 yilda esa reytingda yuqori ball to‘plab, 454-o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘lgan.

Joriy yilgi reytinda Andijon mashinasozlik instituti 95 ta mamlakatdan ishtirok etgan 1477 ta oliy ta’lim muassasalari orasida 479-o‘rinni egalladi.

Reyting indikatorlari bo‘yicha ma’lumotlar monitoringi shuni ko‘rsatmoqdaki, institut 2023-yilga nisbatan deyarli barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘sishga erishgan. 2024-yilgi ma’lumotlar tahlili asosida shuni ta’kidlash lozimki, institut bo‘yicha umumiy holda o‘sish 225 ballni tashkil etgan.

Institutimiz jamoasini ushbu e’tirof bilan qutlab, kelgusida bundan ham yuqori natijalariga erishishini tilab qolamiz!

Qidirish