Yangiliklar

Image

Azizbek Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi bo‘ldi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining joriy yil 11-dekabrdagi 464-son buyrug‘i bilan 2024/2025 o‘quv yili uchun prezident va nomli davlat stipendiyalari oliy ta’lim muassasalari bakalavriat bosqichining talabalari ro‘yxati e’lon qilindi. Buyruq bilan Transport va logistika fakulteti, Avtomobil servis yo‘nalishi 4-bosqich talabasi Muhammadjonov Azizbek Muzaffarjon o‘g‘li Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi bo‘ldi.

Azizbek 2003-yilda Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida tug‘ilgan. 2021-yilda Andijon mashinasozlik instituti Transport va logistika fakulteti Avtomobil servisi yo‘nalishiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan.

O‘qish va jamoat ishlarida faol ishtirok etishi bilan birga institut, viloyat va respublika miqyosida tashkil etilib kelinayotgan ilmiy-amaliy anjumanlarda o‘zining ilmiy ma’ruza va maqolalari bilan muntazam ishtirok etib kelmoqda.

Hozirgi kungacha uning ilmiy ishlari bittasi SCOPUSda chop etilgan. 4ta patent (DGU) muallifi hisoblanadi. Xalqaro va Respublika miqyosida tashkil etilgan ilmiy-amaliy anjuman to‘plamlarida 40 dan ziyod ilmiy maqolalari va tezislari chop etilgan. Shu bilan birga u institut, viloyat va respublika miqyosidagi tanlov hamda turli tadbirlarning faol ishtirok etib keladi.

2023-yilda “Yil talabasi” tanlovi institut bosqichida 1-o‘rinni egallagan.

Azizbek Yoshlar ittifoqi Andijon mashinasozlik institutining boshlang‘ich tashkiloti kengashi a’zosi hamda Besh tashabbus loyihalar koordinatori hisoblanadi.

Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh texnologiyalar universitetida Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston Respublikalari yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan Xalqaro Yoshlar forumida sertifikat bilan taqdirlangan.

Institut jamoasi va talabalari nomidan Azizbekni ushbu muvaffaqiyat bilan tabriklab, kelgusidagi o‘qish va ishlariga omad va zafarlar tilab qolamiz!

Qidirish